Daryo

Bolgariyada ommaviy namoyish: 100 mingdan ortiq aholi hukumat iste’fosini talab qildi

Namoyishchilar mamlakatda keng tarqalgan korrupsiya va iqtisodiy muammolarga qarshi chiqib, bosh vazir Rosen Jelyazkovning hukumati tugatilishini so‘radi. Xorijdagi bolgariyaliklar ham Yevropaning turli shaharlarida norozilik bildirdi.

1 daqiqa o‘qish3 588 ko‘rishlar0 izoh0

Bolgariyada 10-dekabr kuni korrupsiya avj olgani haqidagi da’volar sababli bosh vazir Rosen Jelyazkovning hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

100 mingdan oshiq namoyishchi

Ommaviy axborot vositalarining dron tasvirlariga asoslangan hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina poytaxt Sofiyaning o‘zida namoyishchilar soni 100 mingdan oshgan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra esa 150 minggacha yetgan. Bu kabi norozilik o‘tgan hafta ham sodir bo‘lib, unda 50 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, mamoyishchilar, asosan, hukumatning iste’fosini, shuningdek, yaxshiroq turmush va mehnat sharoitlarini talab qilmoqda. Sofiyadagi namoyishchilar parlament binosiga lazer yordamida “Iste’fo”, “Mafiya yo‘qolsin” va “Adolatli saylovlar uchun” kabi so‘zlarni yozgan.

Noroziliklar Plovdiv, Varna, Veliko Tarnovo va Razgrad kabi 25 dan ortiq yirik shaharlarda ham qayd etilgan. Xorijdagi bolgariyaliklar ham Bryussel, London va Nyu-Yorkda namoyishlar o‘tkazgan.

Oligarx ta’siri

Namoyishchilarning g‘azabi asosan bolgariyalik siyosatchi va oligarx Delyan Peevskiga qaratilgan. Uning “Huquq va erkinliklar harakati” partiyasi hukmron koalitsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Peevski 2021-yilda AQSH, 2023-yilda esa Buyuk Britaniya tomonidan korrupsiya sababli sanksiyalar ostiga olingan.

AQSH Moliya Vazirligi uni “ta’sir o‘tkazish va pora berish orqali Bolgariya jamiyatidagi asosiy muassasalar va tarmoqlar ustidan nazorat o‘rnatishda” ayblagan. U ilgari Bolgariyadagi eng mashhur kundalik gazetalarga egalik qilgan va medianing katta qismini nazorat qilgan. Namoyishchilar va muxolifat Peevskini hukumat siyosatini faqat oligar manfaatlar yo‘lida shakllantirishda ayblamoqda.

Hukumatga ishonchsizlik votumi

Muxolifatdagi “O‘zgarishni davom ettiramiz – Demokratik Bolgariya” koalitsiyasi hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumini e’lon qildi. Ovoz berish jarayoni payshanba, 11-dekabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar