Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Xabi Alonsoning jamoadagi mavqei tobora zaiflashib borayotgani aytilmoqda. Football Espana nashri xabariga ko‘ra, jamoa ichida ispaniyalik mutaxassisga nisbatan norozilik kuchaygan.
Manbaning yozishicha, “Liverpul”dan taklif tushsa, Alonso klub bosh murabbiyi lavozimini qabul qilishga tayyor. “Liverpul” bosh direktori Maykl Edvards Alonsoning imkoniyatlarini yuqori baholab keladi va Yurgen Klopp mersisaydliklar safidan ketishini e’lon qilganidan so‘ng asosiy nomzodlardan biri sifatida aynan ispaniyalik mutaxassis nomzodini ko‘rib chiqqan edi. Biroq o‘shanda Alonso “Real” taklifini qabul qilgan va “Enfild”ga qaytish variantini rad etgan.
Amaldagi bosh murabbiy Arne Slotda jamoaning natijalarini tuzatish uchun yanvargacha vaqt berilgan. Agar vaziyat o‘zgarmasa, Alonso Premyer Ligaga bosh murabbiy sifatida qaytish ehtimoli bor. Shuningdek, agar Alonso ketadigan bo‘lsa, “Real” rahbariyati vaqtincha Zinedin Zidanni qaytarishi mumkinligi ham aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Xabi Alonso futbolchilik davrida “Liverpul” safida o‘ynagan. U 2004-yildan 2009-yilga qadar mersisaydliklar sharafini himoya qilgan.
Avvalroq The Athletic nashri Vinisius Junior bilan Xabi Alonso o‘rtasidagi mojaro sababli braziliyalik futbolchi shartnomani uzaytirishni rad etayotgani haqida xabar bergan edi. Bungacha esa ispan OAV “Real” futbolchilari murabbiyning ayrim taktik qarorlaridan norozi ekanligi haqida yozgandi.
Ma’lumot uchun, “Real” so‘nggi uch o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Jamoa hozirda La Liga turnir jadvalida 32 ochko bilan 1-o‘rinni egallab turibdi.








