Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSH prezidenti Donald Trampdan “iste’fo kelishuvi” doirasida 200 million dollarni o‘ziga qoldirishni va siyosiy boshpana berishni iltimos qilgan. Bu haqda The Telegraph gazetasi o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
“Manbalarga ko‘ra, Venesuela prezidenti Donald Tramp bilan iste’foga chiqish va mamlakatni tark etish bo‘yicha kelishuv doirasida shaxsiy boyligidan 200 million dollarni saqlab qolish, o‘z amaldorlariga amnistiya berish va do‘stona davlatda boshpana olishni so‘ragan”, deya ta’kidlanadi nashr xabarida.
Gazeta suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, Tramp boshpana variantlari sifatida Xitoy yoki Rossiyani taklif etgan, Maduro esa G‘arbiy yarimsharda, Kuba singari do‘stona mamlakatda qolishni maqsad qilgan. Nashrning yozishicha, ehtimoliy kelishuv varianti sifatida Qatar ham ko‘rib chiqilgan.
Bir necha kun avval Tramp Venesuela ustidagi va uning atrofidagi havo hududini aviakompaniyalar, narkotik moddalar va odam savdogarlari uchun yopilganini e’lon qilgan edi. Ushbu bayonot Karib dengizida Amerika harbiy kuchlarining to‘planishi fonida yangradi.
The Washington Post gazetasining yozishicha, AQSH harbiy samolyotlari Venesuela atrofidagi hududlarda muntazam ravishda patrullik qilmoqda. Amerika ommaviy axborot vositalari Qo‘shma Shtatlar yaqin vaqt ichida hujum qilishi mumkinligini bir necha bor ta’kidlashgan.
Venesuelaning sobiq harbiy razvedka boshlig‘i, “El Pollo” laqabi bilan tanilgan Ugo Armando Karvaxal Barrios federal qamoqxonadan turib AQSH prezidenti Donald Trampga yozgan xatida prezident Nikolas Maduro hukumatini “narkoterrorchi tashkilot” sifatida faoliyat yuritishda ayblagandi.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro noyabr oyi oxirida Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng, AQSH tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolati ostida mamlakatni tark etish imkoniyatini yo‘qotdi.








