Venesuela prezidenti Nikolas Maduro noyabr oyi oxirida Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotdan so‘ng, AQSH tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolati ostida mamlakatni tark etish imkoniyatini yo‘qotdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Reuters xabar berdi.
Prezidentlar 21-noyabr kuni telefon orqali gaplashgan. Suhbat AQSHning Venesuelaga bosimi kuchaygan, Karib dengiziga dunyodagi eng yirik Gerald Ford aviatashuvchisini yuborgan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan. Muloqot taxminan 15 daqiqa davom etgan.
Reuters’ning uch manbasiga ko‘ra, suhbat chog‘ida Maduro agar o‘zi va oila a’zolaridan sanksiyalar olib tashlansa, shuningdek, ularga huquqiy amnistiya kafolatlansa, iste’foga chiqishga va mamlakatni tark etishga tayyorligini bildirgan. Shuningdek, u AQSH prezidentidan yuzga yaqin kishini afv etishni so‘ragan.
Tramp bu shartlarga rozi bo‘lmagan va Maduroga mamlakatni tark etishi uchun bir hafta muhlat bergan, deyiladi xabarda.
Bu muddat 28-noyabrda tugagan va shundan so‘ng Tramp Venesuela havo hududi yopilganini e’lon qildi. Ta’kidlanishicha, Maduro ma’muriyati Tramp bilan yana bir marta suhbatlashishni so‘ragan, biroq bunga rozi boʻlishmagan.
AQSH Venesuela va uning prezidentini giyohvand moddalar savdosiga yo‘l qo‘yganlikda ayblamoqda hamda kemalari narkotik tashiyotgani ayblovi bilan ularga zarbalar berib kelmoqda. Venesuela esa bu ayblovlarni rad etib, buni Maduroni lavozimidan chetlatishga urinish deb baholagan.








