Qozog‘istonlik WBO va IBF Jahon chempioni Jonibek Alimxanulining doping-test natijalari ijobiy bo‘lmaganini ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “The Ring” nashri xabar berdi.
“VADA tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda Alimxanuli tahlillarida taqiqlangan modda aniqlangan. Shu sababli 7-dekabr sanasiga belgilangan Jonibek va Erislandi Lara o‘rtasidagi jang o‘tkazilmasligi mumkin”, deydi “The Ring” jurnalisti Mayk Koppinger.
“Nur.kz” nashrining qo‘shimcha qilishicha, 2-dekabr kuni WBO tashkiloti VADA (ixtiyoriy antidoping agentligi)dan Jonibek Alimxanuli bo‘yicha rasmiy bildirishnoma olgan. Qozog‘istonlik bokschining doping-testi Erislandi Laraga qarshi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan jang oldidan o‘tkazilgan tekshiruv doirasida ijobiy natija qayd etgan.
“WBO qoidalari va tamoyillariga sodiq holda, sportchilar xavfsizligi va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida biz ichki tergovni boshladik. Bokschi va uning vakillariga tushuntirish berish uchun rasmiy xabarnoma yuboriladi. Bu jarayon barcha protseduralar va huquqiy talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi”, deyiladi WBO bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Jonibek Alimxanuli va Erislandi Lara o‘rtasidagi o‘rta vazn toifasidagi kamarlar uchun jang 7-dekabr kuni San-Antoniodagi “Frost Bank Center” arenasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Ma’lum qilinishicha, agar Alimxanulining aybi isbotlansa, Erislandi Lara o‘zining WBA kamarini boshqa raqibga qarshi himoya qilishi mumkin.








