Daryo

O‘zbekistonda bir kunda 42 ta energetika obyekti ishga tushirildi

Bular energiya ishlab chiqarish, saqlash quvvatlari va boshqa infratuzilma inshootlaridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy dastakni bosib, 21 ta yangi loyiha qurilishiga ham start berdi.

2 daqiqa o‘qish7 117 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni yangi energetika quvvatlari va infratuzilma obyektlarini ishga tushirish hamda navbatdagilarining qurilishini boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma obyektlarini ishga tushirdi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida umumiy qiymati 3,3 milliard dollarga teng jami 3 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro elektrostansiyalari shular jumlasidan. To‘liq quvvatga chiqqach, ular yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetadi. Ushbu quvvatlar O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanishiga xizmat qiladi.


Toza energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

“Biz bugun ishga tushirayotgan barcha loyihalar iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, kelajak avlodlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bunday jadal harakatlarimiz va tashabbuslarimiz bilan biz yangicha modeldagi zamonaviy energetika tizimini albatta to‘liq barpo etamiz, deya ta’kidladi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy, Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar va Ozarbayjon Respublikasi energetika vaziri Parviz Shahbozov, Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayev, shuningdek, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki, Islom taraqqiyot banki va boshqa moliya institutlari, ACWA Power (Saudiya Arabistoni), Aksa Enerji, Cengiz Enerji (Turkiya), Masdar (BAA), China Energy, Datang, Sinoma, Poly, CNTIC, Eagle Rise (Xitoy), EDF, Voltalia, TotalEnergies (Fransiya), Siemens Energy (Germaniya) va Nebras Power (Qatar) vakillari ham qatnashdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Foydalanishga topshirilayotgan loyihalar orasida 1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham bor. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Qo‘shimcha ravishda ishga tushirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Yangi tashkil etilgan yiliga 15 mingta transformator ishlab chiqaradigan “Angren Energo” hamda 155 ta gidro-agregat tayyorlab beradigan Uzhydropower korxonalari iqtisodiyotga muhim hissa qo‘shadi. Davlat rahbari marosimdagi nutqida ushbu tarixiy voqea O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga katta sarmoya kiritayotgan va eng ilg‘or texnologiyalarni olib kelayotgan hamkor mamlakatlarga minnatdorlik bildirdi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar