Isroil harbiylarining G‘azo sektori markazidagi maktab yaqiniga uyushtirgan havo hujumi oqibatida kamida 10 kishi hayotdan ko‘z yumdi, ko‘plab insonlar jarohatlandi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Voqea G‘azo sektori markazidagi Al Mag‘oziy qochqinlar lageridan sharqda sodir bo‘lgan. Guvohlar va tibbiyot xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, avvaliga Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan qurolli guruh a’zolari va mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuv kelib chiqqan. Falastinliklar ushbu guruhni maktabdan odamlarni o‘g‘irlashga urinishda ayblagan.
To‘qnashuvlar qizigan pallada Isroil droni hududga qarata ikkita raketa uchirgan. Hujum qochqinlar zich joylashgan mahallaga to‘g‘ri kelgani sababli qurbonlar soni ko‘p bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Guvoh Ahmad al-Mag‘oziyning so‘zlariga ko‘ra, aholi o‘z uylarini himoya qilishga urinayotgan vaqtda to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olingan.
Keyinroq Isroil qo‘llab-quvvatlaydigan guruh rahbari videomurojaat orqali 5 nafar HAMAS a’zosini o‘ldirganini iddao qildi. HAMAS bu borada izoh bermagan bo‘lsa-da, Isroil nazoratidagi hududlarda faoliyat yuritayotgan bunday guruhlarni “Isroil ayg‘oqchilari” deb atadi.
Dushanba, 6-aprel kungi boshqa hodisalar oqibatida qurbonlar soni 12 nafarga yetdi. G‘azo shahrida motosiklda ketayotgan falastinlik havo zarbasi oqibatida halok bo‘ldi (bir bola yaralandi). G‘azo markazida Isroil harbiylari bir transport vositasini o‘qqa tutdi, yakunda yana bir kishi o‘ldirildi.
Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) hozircha mazkur uchta hodisa bo‘yicha rasmiy izoh bermadi. G‘azoda 2025-yil oktyabr oyida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘ta mo‘rt holatda qolmoqda. Tomonlar kelishuvni buzishda bir-birini ayblab keladi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, kelishuv boshlanganidan beri Isroil hujumlari oqibatida 700 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Isroilning da’vo qilishicha, xuddi shu davr mobaynida G‘azodagi jangarilar hujumi oqibatida 4 nafar isroillik askar qurbon bo‘lgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp taklif qilgan tinchlik rejasi yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida HAMASning qurollarni topshirishni rad etayotgani ko‘rilmoqda. HAMAS qurollanishdan voz kechish masalasini muhokama qilishni falastinliklarga qarshi genotsidni davom ettirishga urinish deb baholadi.
2023-yil 7-oktyabrdagi HAMAS hujumi oqibatida Isroilda 1 200 kishi halok bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Isroil tomonidan boshlangan ikki yillik harbiy kampaniya oqibatida Falastin tomonida qurbonlar soni 72 mingdan oshib ketdi. Urush butun mintaqani xarobaga aylantirib, ocharchilik va aholining ommaviy ko‘chishiga sabab bo‘ldi.








