AQSH prezidenti Donald Tramp 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati qur’a tashlash marosimida ishtirok etadi. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida xabar qilgan.
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) noyabr oyida tinchlik va birdamlik yo‘lida xizmat qilgan insonlarni e’tirof etish maqsadida yangi — “Tinchlik mukofoti”ni ta’sis etgan edi. Manbada yozilishicha, marosim davomida Trampga aynan ushbu sovrin taqdim etilishi kutilmoqda. Ta’kidlanishicha, mazkur mukofot har yili “butun dunyo bo‘ylab muxlislar nomidan” topshiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilgi Jahon chempionati uchta davlat — AQSh, Kanada va Meksika hududida o‘tkaziladi. Unda 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. Kanada 13 ta o‘yinga mezbonlik qiladi. Uchrashuvlar Toronto va Vankuverdagi stadionlarda o‘tkaziladi. Meksika ham 13 ta o‘yinni o‘zida qabul qiladi. Uchrashuvlar Mexiko, Gvadalaxara va Monterrey shahrida joylashgan stadionlarida bo‘ladi. Qolgan barcha o‘yinlarga AQSH mezbonlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mundial qur’asi 5-dekabr kuni AQSH poytaxti Vashingtondagi “The Kennedy Center” majmuasida bo‘lib o‘tadi. Tadbirda O‘FA rahbariyati, terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro, murabbiylar shtabi hamda FIFA tomonidan taklif etilgan o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ishtirok etadi.








