Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSH ma’muriyati taklif etgan tinchlik rejasining uchta bandi bo‘yicha yon berishga tayyor emas. Bu haqda xabardor rossiyalik manbaga tayanib, NBC News ma’lum qildi.
Manbaning aytishicha, Moskva Donbass hududi, Ukraina armiyasi sonini cheklash va bosib olingan hududlarni xalqaro miqyosda tan olish masalalarida murosaga borishni istamaydi. AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff 2-dekabr kuni Kremlda Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda Ukraina bilan kelishilgan tinchlik rejasi loyihasi taqdim etilgan.
AQSH delegatsiyasining Rossiyaga safaridan biroz avval ukrainalik va amerikalik diplomatlar Floridada uchrashuv o‘tkazgandi. Biroq tomonlar asosiy masala — hududiy kelishuv bo‘yicha oldinga siljiy olmadi. Ukraina Donbassni Moskva nazoratiga topshirish talabini rad etmoqda.
Shuningdek, Kiyev o‘z armiyasi sonini 600 ming askargacha qisqartirish va NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechish shartlarini ham qabul qilmagan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 1-dekabr kuni hududiy masala “eng murakkabi” ekanini aytib, Floridadagi muzokaralarda bu mavzu 6 soatdan ortiq muhokama qilinganini taʻkidladi.
Putin esa o‘tgan hafta Ukraina armiyasi “egallab turgan hududlarni” tark etgandagina urush to‘xtatilishini bildirdi. Bundan tashqari, Kiyevning amaldagi rahbariyati bilan kelishuv “yuridik jihatdan imkonsiz” ekanini taʻkidladi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH avval 28 banddan iborat tinchlik rejasini ishlab chiqqan edi. Unda Moskvaga bir qator katta yon berishlar ko‘zda tutilgan: butun Donbassni topshirish, armiyani qisqartirish, NATOdan voz kechish hamda Rossiyaning harbiy jinoyatlar uchun javobgarligidan voz kechish. Ukraina bilan maslahatlashuvlardan so‘ng bu talablarning bir qismi yumshatilgan yoki o‘zgartirilgan.
Kremldagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugadi
Kremlning ma’lum qilishicha, 2-dekabr kuni Putin va Stiv Uitkoffning Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha uchrashuvi samarali o‘tdi. Biroq tomonlar hududiy masalalarda kelishuvga erishmadi. Ular muzokaralarning batafsil mazmunini oshkor qilmaslikka kelishib olishgan.
“Hozircha murosali yechim topilmadi, ammo ba’zi Amerika takliflari ma’qul ko‘rinmoqda, lekin ularni batafsil muhokama qilish lozim. Bizga taqdim etilgan ayrim takliflar bizga to‘g‘ri kelmaydi, ya’ni ish davom ettiriladi. Ammo bu, shubhasiz, eng muhim masalalardan biridir”, dedi Rossiya prezidenti maslahatchisi Yuriy Ushakov.
U Kremldagi uchrashuv besh soat davom etganini aytdi va tomonlar masalalarning mohiyatini muhokama qilganini bildirdi. Muzokaralarda Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ham ishtirok etgan.








