Marat Xayrullayevich Hamdamov. Bu odamni koʻpchilik oʻzbekistonliklar mamlakat qurilish bozoriga shiddat bilan, oʻzgacha ishtiyoq ila kirib kelgan mard, tanti va saxiy quruvchi sifatida yaxshi tanisa, yana kimdir esa uni shou-biznes vakillaridan biri, taniqli aktrisaning turmush oʻrtogʻi sifatida biladi. Boshqalar esa mijozlarni qishda gazsiz qoldirgan quruvchi kompaniya “Star hous”ning yuzi sifatida eslab qolgan. “Daryo”ga murojaat qilgan ayrim fuqarolar bulardan farqli ravishda Marat Xayrullayevichni boshqacha tavsiflaydi.
Toʻlqinoy Mamatxalilova Marat Hamdamovning ofisiga pulini olish uchun borganida qurilish kompaniyaning logotipi olib tashlangani uchun “Marat qochib ketmayaptimi”, degan shubhaga borganini aytmoqda.Maratdan uy olgan Asadbek Tursunaliyevning onasi. Sotib olgan uyimiz oʻgʻlimning nomida edi. Koʻp oʻtmay shartnomani bekor qildik. 274 million soʻm pulimiz bor edi. Bir oyda qaytarib beramiz deyishgandi. 10 oy boʻldi hali berishmadi. Shu sabab oʻgʻlim Maratdan uy olmoqchi boʻlgan odamga, men ham uy olgandim, endi pulimni qaytarib ololmayapman degan ekan. Shu uchun Marat bizni ikki oy qiynab yurdi. Borsak, Marat yoʻq boʻladi. Zarifa degan xodimi “Marat oʻzi siz bilan alohida gaplashadi, chunki siz negativ yozgansiz”, dedi. Uning yuristi ham ana shunday dedi. “Haqiqat sizlarda negativ deb ataladimi?”, dedim. Marat esa “Xohlasangiz 10 ta advokatim bor, ana shu oʻnlab advokatim bilan sizni mashhur qilib beraymi bir kunda?”, deb qoʻrqitdi — deydi murojaatchi Toʻlqinoy Mamatxalilova.
Borsak hech kim yoʻq. Divanlarni olib tashlashgan, Imarat degan yozuvni olib tashlagan. Shokka tushasizmi? Qayoqqa ketyapti bular, qochib ketyaptimi, deb. Gruppaga ham 100 marta yozdim: “Marat qochib ketmadimi mabodo? Ey, xabarlaring bormi, boryapsizlarmi”, deb. Hamma menga, oʻzimga SMS yozishdi: “Maratni koʻrmadik, Murodilni yo koʻrdik, yo koʻrmadik. Sohib oʻtiribdi. Gapimizni eshitmadi. Yana oʻsha bir xilda dudka, deydi Toʻlqinoy Mamatxalilova.

Yana bir murojaatchi Mansur Doʻstyorovning aytishicha, u ham uyning boshlangʻich toʻlovi uchun Marat Hamdamov kompaniyasiga 100 million soʻm pul toʻlab, ololmay sarson boʻlgan.
2024-yil 18-yanvar kuni “Imarat Development” kompaniyasiga, yaʼni Marat Xayrullayevichning kompaniyasiga Sergeli City loyihasi boʻyicha 100 million soʻm pul toʻlov qilganman. Oʻshanda toʻlov qilishimdan oldin menejerdan “Uy qayerda qurilyapti?” deb soʻraganman. Sergelining atrofida 5 kilometr narida degan. Uning gaplariga ishonib, pul toʻlaganman. Keyin u yerdan chiqib, uy qurilayotgan joyga bordim. “Krug”dan 15 kilometr ichkarida, Surum degan joydagi “Sergeli” mahallasida joylashgan ekan. Menga lokatsiyasi yoqmadi. Keyin qaytib keldimda 23-fevral kuni shartnomani bekor qildim. “Bir oydan olti oygacha pulingizni tushirib beramiz”, dedi. Olti oy ularni bezovta qilmadim. Shu yilning sentyabr oyidan boshlab qatnay boshladim. Boraman, ertaga tushadi, boraman, bugun tushadi deydi. Grafik qilib bergan, foydasi yoʻq, — deydi Mansur Doʻstyorov.

Roza Qurbonova ismli murojaatchi “Imarat” kompaniyasiga uy uchun 113 million soʻm toʻlov qilganini, ammo ularga vaʼda qilgan uy qurilishi haligacha boshlanmaganini aytmoqda.
Biz Sergeli City’dagi 12-blok, A12 dan uy xarid qilganmiz. Lekin u yerda hali qurilish ishlari boshlanmagan. Bizga 2025-yilning yozida koʻchib kirasizlar deyilgandi. Biz ularning gapiga, qolaversa blogerlar va sanʼatkorlarning reklamasiga ishonib, aldanib qoldik, — deydi u.

Yana bir murojaatchining aytishicha, Marat Xayrullayevichdan uy xarid qilib, shartnomasini bekor qilgan va pulini qaytarib olishga harakat qilayotganlarning turnaqator navbati shakllangan.
Hammani ishontirdi-da. “Yaxshi joyda”, dedi. “Besh kilometr narida”, dedi. Aktyorlarni olib chiqib reklama qilgan, xotinini olib chiqib reklama qilgan, hozir ham reklama qilyapti. Oʻshalarga ishondikda, — deydi murojaatchilar.

Mansur Doʻstyorovning aytishicha, qurilish kompaniya direktori uning 100 million soʻm pulini qaytarib berishsa, uy qurilishlari toʻxtab qolishini, quruvchi kompaniya odamlarning puliga uy qurayotganini tan olgan.
“Daryo” jurnalisti ushbu murojaatchilar muammosi va bunga quruvchi kompaniyaning izohini bilish uchun “Imarat Development” kompaniyasiga bir emas, ikki marotaba bordi. Toʻrt-besh marotaba soʻrov yubordi. Dastlab jurnalist bilan suhbatlashgan Marat Hamdamov murojaatchi fuqarolar ism-sharifini olgach, ularning muammosini bir haftada hal etishini aytib, shu muddat ichida ularni kutib turishimizni soʻradi.Qurilish toʻxtab qoladi dedi. Endi mening 100 million pulimga qarab qoldingizmi dedim. Oʻzimning pulim uchun kelyapman. Men sizlardan yordam soʻramayapman dedim. Ana shunaqa vaj keltiryapti. Qurishimiz kerak, uyni bitirishimiz kerak, bir qismini topshirishimiz kerak, keyin odamlar bizga ishonadi deb javob berdi, — deydi Mansur Doʻstyorov.
Vaʼdaga koʻra, bir haftadan soʻng yana Marat Xayrullayevichni bezovta qildik. Navbatdagi uchrashuvda quruvchi kompaniya rahbari ommaviy axborot vositalari vakiliga berilgan vaʼdani bajarmaganini, yaʼni murojaatchilar pulini qaytarib bermayotganligini xodimlarning beparvoligi bilan izohladi.
Siz sud emassiz, prokuratura emassiz yoki bu ishni hal qiluvchi “razborshik” ham emassiz. Men shu muammolarni hal qilish uchun yechim beryapman. Buni ommaga olib chiqishdan hech kim manfaatdor boʻlmaydi. Bu chiqadigan boʻlsa, men hammasini taqa-taq toʻxtataman. Hammasini sudga chiqaraman, penyasini qoʻyaman, dedi Marat Hamdamov kameralar ortida gapirar ekan (suhbatlar yozuvi “Daryo”da mavjud).
Shu gap-soʻzlardan keyin Marat Xayrullayevich jurnalistlardan yana 10 kun muddat soʻradi va shu muddat ichida barcha murojaatchilar muammosini hal etib, “Daryo”ga bu haqda intervyu bermoqchiligini, shu chiqishida bu kabi muammolarga roʻyirost javob berishni ham vaʼda qildi. Ammo 10 kunlik muddat oʻtgach, u jurnalistdan maqolani chiqarmaslikni talab qila boshladi. Har gapida tahririyat bilan tijorat shartnomasi imzolamoqchi ekanligini bildirdi. U bu orqali muammolarga koʻz yumishni taklif qilayotgandek edi goʻyo.
Biroq jurnalist muammolar yuzasidan soʻrayotgan soʻrovga reklamani aralashtirmaslik taklifini bergach, “Mening oʻylashim boʻyicha bu yerda qanaqadir xolislik boʻlmayapti. Bu yerda qanaqadir bir shaxsiy manfaatmi, mening tasavvurim boʻyicha, hozir shunga borib qolyaptida. Chunki sizlar reklama qilgan obyektlarda hech qanaqangi hujjat, ruxsatnomalari boʻlmagan. Odamlarning pulini ololmasdan sarson boʻlib yuribdi. Juda katta muammo yuzaga kelayotgan ekanda. Mayli, quruvchi kompaniyaning kimligini aytmayman, oʻzingiz bilsangiz kerak. Lekin sizlar yana reklamasini qoʻydinglar. Oʻzingiz aslida fuqaro tarafdamisizlar yoki pulni toʻlasa, himoya qilib ketaverasizlarmi?” dedi.
Shuningdek, Marat Xayrullayevich “Daryo” tahririyati ustidan prokuraturaga shikoyat qilish niyati borligini aytib, qo‘rqitishga ham urindi.
Agar tushuntirishlarimga qaramay, men haqimda insonlarni chalgʻituvchi material tarqatsangiz, men ham Daryo.uz bizga bosim oʻtkazayotganligi toʻgʻrisida prezidentimizga ommaviy murojaatnoma qilaman. Xususan, redaksiyaning boshqa qurilish kompaniyalari bilan shartnomasi borligini, ular ushbu kompaniya noqonuniy qurgan uylarni sotishda tegishli ruxsatnomalarni tekshirmasdan yordam berganligini, aynan oʻsha kompaniya ustidan hozirda ish ochilgan boʻlsa-da, bu haqda xalqni ogohlantirish oʻrniga tahririyat ushbu kompaniya targʻibotini davom ettirayotganligini aytaman. Aynan oʻsha kompaniya ‘interes’larini himoya qilish uchun meni qoralash kampaniyasida ishtirok etayotganligi boʻyicha taxminlarim borligini aytaman, deya doʻq-poʻpisa qilishga ham oʻtdi.
Foto: “Daryo”
Shu doʻq-poʻpisalardan koʻp oʻtmay, Marat Xayrullayevichning vakili “Daryo” tahririyatiga kelib, dastlabki toʻrt nafar murojaatchining uch nafariga pullari toʻliq toʻlab berilganligini, bu pullardan hech qanday jarima undirilmaganligini, biroq Toʻlqinoy Mamadxalilovaning puli qaytarilmaganligini, boisi u bilan sudlashish jarayonlari davom etayotganligini qoʻshimcha qildi.
Shu bilan masala hal bo‘lib qolmadi. “Daryo” o‘zbekistonliklarni qiynayotgan muammoni oʻrganar ekan, murojaatchilar soni kundan kunga ortib bormoqda. Murojaatchilar uzoq hududlardan har safar ko‘p sarf-xarajat bilan kelishsa-da, hech qanday natija bo‘lmayotganidan shikoyat qilmoqda. Har safar bir xil quruq gap eshitib, asablari charchaganliklarini aytishmoqda. Internetda tarqalgan videolardan esa pulini so‘rab borib, sog‘lig‘iga ziyon yetib, tez yordam chaqirishgan holatlar aks etgan videolar ham tarqalmoqda.
Hanuz na uyini, na pulini ololmay sarson bo‘layotgan o‘nlab fuqarolarning fikrlarini videoda batafsil tinglashingiz mumkin.








