Samarqand viloyatining Toyloq tumanida bir nechta yuk mashinasini qasddan yoqib yuborganlar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
28-noyabr kuni soat 21:50da Toyloq tumani “Beklar” mahallasi hududida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro K.A. qo‘shni mahallada istiqomat qiluvchi, o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan 1990-yilda tug‘ilgan G‘.R. va 1991-yilda tug‘ilgan N.R. bilan o‘rtalarida yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik natijasida janjal kelib chiqqan.
Mazkur janjaldan so‘ng, K.A. o‘zining 2005 va 2007-yillarda tug‘ilgan o‘g‘illari bilan G‘.R va N.R. boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinalariga benzin yoqilg‘isi sepib, yoqib yuborgan. Yong‘in zudlik bilan bartaraf etilib, boshqa transport vositalari va ulardagi yuklarga zarar yetkazilishining oldi olingan.
Guvohlarning so‘zlari va kuzatuv kameralaridan olingan tasvirlarga ko‘ra, dastlab logistika markazidan taxminan bir kilometr uzoqlikda saqlangan ikki “KamAZ”ga benzin sepilgan va yoqib yuborilgan. Markaz xodimlari ushbu yong‘in bilan band bo‘lgan paytda yuk mashinasini yoqqanlar logistika markaziga kelib, yana bir furani yoqqan. Yong‘in natijasida tadbirkor 600 million so‘mga yaqin zarar ko‘rgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan 29-noyabr kuni Toyloq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdor shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Kodeksning 173-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish atrofdagilar uchun xavfli usulda yoki ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 75 besh baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi








