Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari, shuningdek, shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Tojikistondan narkotik moddalarni kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, poytaxtda sotish bilan shug‘ullanib kelgan oila a’zolari qo‘lga olindi.
Toshkent viloyatining Ohangaron–Piskent yo‘nalishida harakatlanayotgan, avvaldan kuzatuvga olingan Equinox rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirildi. Transport vositasida bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi 1976-yilda tug‘ilgan ayol va uning 1999 yilda tug‘ilgan o‘gli Tojikiston fuqarolari tomonidan yashirin joyga qoldirilgan giyohvandlik vositasini olib ketish uchun yo‘lga chiqqani aniqlangan.
Ularning telefonlaridan o‘tkazilgan tekshiruvda tojikistonlik shaxs tomonidan “Telegram” orqali narkotik moddaning geolokatsiyasi va fotosuratlari yuborilgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, Piskent tumani hududida yo‘l chetiga yashirilgan 4 kg 985 g “gashish” moddasi daliliy ashyo sifatida olingan.
Shuningdek, ayolning Olmazor tumanidagi yashash xonasidan 1 kg 124 g “opiy” hamda 1 kg 976 g “gashish” moddasi topildi. Bundan tashqari, ayolning 1996-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan o‘g‘li ham ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Giyohvandlikka qarshi kurashga doir farmon
Prezident giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan kuchaytirishga qaratilgan yangi farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, tashkil etilgan narkoguruhlar, transchegaraviy tarqatish yoki internet orqali giyohvand moddalarni sotish bilan shug‘ullangan shaxslarga 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanishi mumkin.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarni giyohvandlikka jalb etgan yoki ta’lim muassasalarida tarqatgan shaxslarga nisbatan jazolar og‘irlashtiriladi. Jamoat joylarida giyohvandlik moddalari iste’mol qilganlik uchun esa 15 kungacha ma’muriy qamoq joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi 2026-yil 1-iyulgacha internet tarmog‘ida narkotik moddalarning noqonuniy savdosini aniqlash va bloklash uchun sun’iy intellekt asosida dasturiy tizim ishlab chiqadi. Shu maqsadda yoshlar o‘rtasida xakaton o‘tkazilib, eng samarali texnologik yechimlar amaliyotga joriy qilinadi.
Jinoyatlar
Oktyabr oyining boshlarida Fargʻonada transchegaraviy uyushgan narkoguruh aʼzolari ushlangandi. O‘sha oyda Afgʻonistondan Buxoroga kontrabanda qilingan narkotik moddaning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyilgandi. Unda 50 kilogrammga yaqin noqonuniy moddalar aniqlangandi.








