Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda ushlab turilgan shaxslarni dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarida ham qoʻshimcha ravishda kiyim-bosh va poyabzal bilan ta’minlash taklif etilmoqda. Tegishli qonun hujjati Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 18-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida muhokama qilindi.
Amalda, ehtiyot chorasi sifatida ushlab turilganlarning kiyimlari va oziq-ovqati yaqin qarindoshlari tomonidan olib kelinadi.
IIV Jazoni ijro etish departamenti boshqarma boshligʻi Bahrom Madiyorovning so‘zlariga ko‘ra, “Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni bilan kiritilayotgan yangi norma hibsda ushlab turilganlarning huquqini cheklamaydi.
Hozirda tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar IIV buyrugʻiga muvofiq har oyda eng kam ish haqining 50 foizigacha (635 ming 500 soʻm) oziq-ovqat va birinchi navbatdagi ehtiyoj mollariga sarflay oladi. Loyihada bu miqdorni 100 foizga — 1 million 271 ming soʻmgacha oshirish taklif qilingan. Bahrom Madiyorovning aytishicha, summaning oshirilishi tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar murojaati asosida qabul qilingan.Hozirgi amaliyotda ham agar uydagilari uning kiyim-boshini, poyabzalini, oziq-ovqati bilan birgalikda olib keladigan boʻlsa, qabul qilamiz. Unda muammo yoʻq. Bu faqat ragʻbatlantiruvchi norma sifatida eʼtirof etilyapti. Koʻpchilikda, masalan, shunday holatlar boʻladiki, uydagilari xabar topadi-da, uning kiyimini olib kelishga imkoniyati mavjud boʻlmay qoladi. Kimdadir qandaydir sharoit boʻlib qoladi-da, oziq-ovqatini keyin beraman, lekin dastlab hozirgi kunda kiyimini berib turing, degan mazmunda. Shu mazmunda kelsa ham, biz bemalol uni olib qoʻyaveramiz, hech qanaqa muammo boʻlmaydi. Yaʼni buni qonuniy jihatdan huquqini taʼminlab qoʻyish maqsadida bu norma kiritilyapti, dedi IIV masʼul xodim.
Chunki ularning oʻz uydagilari tomonidan berilgan pul mablagʻlari yetarli miqdorda emas. Bundan tashqari, ularning yaqinlarini ovora qilmaslik ham hisobga olindi. Yaʼni fuqarolar uzoq joylardan kelib, “posilka”, banderol yoki yoʻqlov topshirib ketish holatlari juda koʻpayib ketyapti. Bitta misol aytadigan boʻlsak, Markaziy tergov hibsxonasida hozir 4 mingdan ortiq shaxs saqlanayotgan boʻlsa, kuniga 250-300 nafar fuqaro kelib, banderol berib ketyapti. Fuqarolarimizda ortiqcha ovoragarchilik paydo boʻlyapti. Agar fuqaro uydan chiqmagan holda hisob raqamiga pulni oʻtkazib qoʻyadigan boʻlsa, saqlanayotgan shaxs oʻzining kerakli, zarur boʻlgan mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Yaʼni yaqinlari ovoragarchiligining oldi olinadi, degan maqsadda shu miqdorda belgilab qoʻydik, dedi Bahrom Madiyorov.
Majlisda qonunchilik taklifi deputatlar tomonidan maʼqullandi va tegishli qaror qabul qilindi.








