AQSH prezidenti Donald Tramp 17-noyabr kuni Saudiya Arabistoniga F-35 qiruvchi samolyotlari sotilishini ma’lum qildi. Bu haqda AP News xabar berdi.
Yangilik Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Vashingtonga tashrifi arafasida e’lon qilindi. Trampdan Saudiya Arabistoniga F-35 sotish-sotmasligi so‘ralganda, u quyidagicha javob bergan:
“Ha, shunday qilamiz. F-35 larni sotamiz”.
Uchuvchisiz reaktiv samolyotlar savdosi valiahd shahzoda tashrifi davomida e’lon qilinishi kutilayotgan yirik kelishuvlarning biri hisoblanadi.
“Saudiya AQSHning sun’iy intellekt infratuzilmasiga milliardlab dollarlik investitsiya kiritishi va fuqarolik yadroviy energetika sohasida yangi hamkorlik rejalarini ochiqlashi kutilmoqda”, dedi Tramp ma’muriyatidagi vakili.
Saudiya F-35 sotib olishni istasa-da, Oq uy Isroilning mintaqadagi harbiy ustunligiga putur yetkazmaslikka harakat qilmoqda. Tramp ayni paytda Saudiya va Isroilni munosabatlarni normallashtirishga undamoqda, ammo Saudiya G‘azoda Falastin davlatiga asos solinmas ekan, bunday bo‘lmasligini aytib keladi.
F-35 samolyotlari savdosi AQSH ma’muriyati ichida turli xavotirlarni keltirib chiqarmoqda — harbiy texnologiyalar Xitoyga o‘tib ketishi mumkinligi aytilmoqda. Bundan avval BAA bilan tuzilishi rejalashtirilgan shunga o‘xshash bitim ham shu sabab to‘xtagan edi. Sababi Xitoy ham Saudiya bilan ham BAA bilan yaqin munosabatlarga ega.
Saudiya va Xitoy oktyabr oyida qo‘shma harbiy-dengiz mashg‘ulotlarini o‘tkazgan. Pekin 2023-yilda Saudiya va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga vositachilik qilib, elchixonalarni qayta ochish to‘g‘risida kelishuvga ko‘maklashgandi. 2024-yili Xitoy Saudiya Arabistonining eng yirik savdo hamkoriga aylangan bo‘lsa-da, Riyod qurol savdosi bo‘yicha hanuz AQSHni afzal ko‘radi.








