Daryo

Tramp Ispaniyaga savdo embargosi joriy etish bilan tahdid qildi

Bunga Madridning Eronga berilayotgan zarbalarda o‘z hududidagi harbiy bazalardan foydalanishga ruxsat bermagani sabab bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish3 948 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH prezidenti Donald Tramp 3-mart kuni kuni Yevropa Ittifoqi va NATO bo‘yicha ittifoqchisi bo‘lgan Ispaniyaga nisbatan to‘liq savdo embargosi joriy etish bilan tahdid qildi. Bunga Madridning Eronga berilayotgan zarbalar bilan bog‘liq missiyalar uchun o‘z hududidagi harbiy bazalardan foydalanishga ruxsat bermagani sabab bo‘ldi.

Germaniya kansleri Fridrix Merts bilan uchrashuv chog‘ida Tramp jurnalistlarga Ispaniya hukumati AQSH manfaatlariga zid ish tutayotganini ma’lum qildi. U Moliya vazirligi kotibi Skott Bessentga Ispaniya bilan barcha aloqalarni uzish haqida topshiriq berganini aytdi.

“Ispaniya o‘zini dahshatli tutdi. Biz ular bilan barcha savdo aloqalarini to‘xtatmoqchimiz. Ispaniya bilan hech qanday aloqada bo‘lishni istamaymiz. Bizga kerak bo‘lgan hech narsa Ispaniyada yo‘q”, deya ta’kidladi Tramp.

AQSH prezidenti, shuningdek, Ispaniyaning NATO doirasidagi mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foiziga yetkazish haqidagi talabni bajarmayotganidan yana bir bor g‘azabda ekanini bildirdi.

Ispaniyadagi sotsialistik hukumat AQSHga Eronga hujum qilish uchun o‘z bazalaridan foydalanishni taqiqlaganidan so‘ng, Vashington mamlakat janubidagi Rota va Moron bazalaridan 15 ta uchish apparatini, jumladan, yonilg‘i quyuvchi samolyotlarni olib chiqib ketishga majbur bo‘ldi.



Tramp o‘zining embargo joriy etish huquqi borligini eslatib o‘tdi:

“Ispaniya bilan bog‘liq barcha biznesni to‘xtatish huquqiga egaman. O‘tgan oy (yanvar) Oliy sud mening keng ko‘lamli bojlarimni noqonuniy deb topgan bo‘lsa-da, embargo va xalqaro favqulodda iqtisodiy choralar bo‘yicha vakolatlarim o‘z kuchida”.

Germaniya kansleri Fridrix Merts Trampga Ispaniyani Bryussel va Vashington o‘rtasidagi savdo kelishuvidan chiqarib tashlash imkonsizligini tushuntirganini bildirdi.

“Ispaniya Yevropa Ittifoqi a’zosi va biz AQSH bilan bojlar bo‘yichagina birgalikda muzokara olib boramiz. Ispaniyaga nisbatan alohida yomon munosabatda bo‘lishning imkoni yo‘q”, dedi Merts.

Shunga qaramay, AQSH Savdo vakili Jeymison Grir milliy va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lsa, Ispaniyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llashga tayyorligini bildirdi. Kotib Bessent esa “Xalqaro favqulodda iqtisodiy vakolatlar to‘g‘risida”gi qonun doirasida prezidentning vakolatlari saqlanib qolishini tasdiqladi.

Ispaniya hukumati rasmiy bayonot bilan chiqib, AQSHni xalqaro huquq, xususiy biznes avtonomiyasi va ikki tomonlama savdo kelishuvlariga amal qilishga chaqirdi. Madrid potensial embargoning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish uchun yetarli resurslarga ega ekanini, biroq hamkorlik va erkin savdo tarafdori bo‘lib qolishini bildirdi.

Ispaniya dunyodagi eng yirik zaytun moyi eksportchisi bo‘lib, AQSHga shuningdek, avtomobil ehtiyot qismlari, po‘lat va kimyoviy mahsulotlar yetkazib beradi. Biroq, statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, Ispaniya iqtisodiy jazo choralari oldida boshqa Yevropa davlatlariga qaraganda unchalik zaif emas:

AQSH 2025-yilda Ispaniya bilan savdoda ketma-ket to‘rtinchi yil profitsitga ega bo‘ldi (AQSH eksporti — 26,1 mlrd dollar, importi — 21,3 mlrd dollar). Bundan tashqari, so‘nggi yillarda AQSHdan Ispaniyaga xom neft va suyultirilgan tabiiy gaz eksporti sezilarli darajada oshgan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar