Fransiyaning “PSJ” klubi “Atletiko Madrid” hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatni ko‘rib chiqmoqda. Parijliklar bosh murabbiyi Luis Enrike 25 yoshli argentinalik futbolchini jamoa hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun ideal nomzod sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda Sky Sport Switzerland nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, klub rahbariyati bir necha haftadan beri Alvaresning transfer imkoniyati hamda ehtimoliy kelishuv tafsilotlarini o‘rganib chiqmoqda. Xabar qilinishicha, futbolchining o‘zi ham Enrike qo‘l ostida o‘ynash fikriga ijobiy munosabat bildirgan.
Xulian Alvaresga Angliya Premyer Ligasi klublaridan bir nechtasi ham qiziqish bildirayotganiga qaramay, argentinalik forvard Angliyaga qaytish variantini ko‘rib chiqmayotgani aytilmoqda. Agar klublar kelishuvga erishsa, Alvaresning “PSJ”ga o‘tish ehtimoli juda yuqori. Shuningdek, “Barselona” ham argentinalik futbolchining atrofidagi vaziyatni o‘rganib chiqmoqda.
“Atletiko” hujumchini sotishga tayyor, biroq madridliklar Xulian uchun 120 million yevro miqdorida tovon puli belgilagan. Mazkur summa to‘liq to‘lansa, klub muzokaralarga kirishishga rozi.
Ma’lumot uchun, joriy mavsum Xulian Alvares “matraschilar” safida jami 15 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol va 4 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Futbolchining Madrid klubi bilan shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali hujumchining qiymatini 100 million yevroga baholagan.








