Isroil rasmiylari “ixtiyoriy migratsiya” deb atayotgan falastinliklarning chet ellarga ko‘chirilishi butun dunyoda katta xavotir uyg‘otmoqda. Haaretz gazetasining yangi surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, Estoniyada ro‘yxatdan o‘tgan, aslida esa isroillik shaxsga tegishli sirli kompaniya G‘azodan 350 nafar falastinlikni Indoneziya, Malayziya va Janubiy Afrikaga maxsus reyslar orqali olib chiqqan.
Gazetaning yozishicha, g‘azoliklarning uchta guruhi Ramon aeroportidan charter samolyotlarda uchib ketgan. Kompaniya Isroil Mudofaa vazirligidagi “Ixtiyoriy migratsiya boshqarmasi” bilan aloqa qilgani aytilmoqda. Manbalarga ko‘ra, falastinliklarga uzoq davlatlarga parvoz uchun odatda 2 ming dollar mablag‘ taklif qilinmoqda.
Surishtiruv kompaniyaning aslida Estoniyada ro‘yxatga olingan konsalting firmasi orqali faoliyat yuritishini ko‘rsatmoqda. Kompaniya o‘zini Al Majd Europe deb tanishtiradi, ammo saytda telefon raqamlari, manzillar, haqiqiy hamkorlar yo‘q, ijtimoiy tarmoqlar esa ishlamaydi. Estoniya reyestrida bu kompaniyaning egasi Tomer Yanar Lind ekani qayd etilgan — u Isroil va Estoniya fuqaroligiga ega.
G‘azodan ko‘chirish qanday amalga oshirilmoqda?
Xabarlarga ko‘ra, sektordan ketmoqchi bo‘lgan falastinliklar markaziy G‘azoda to‘plangan, so‘ng Kerem Shalom nazorat punktida tekshiruvdan o‘tkazilgan. Keyin esa kompaniya ta’minlagan avtobuslarda Ramon aeroportiga olib borilgan. Parvoz vaqti yo‘lovchilarga odatda 24 soat oldin xabar qilingan. Ba’zi oilalar 1 400–2 700 dollar, tezlashtirilgan jarayon uchun esa 5 ming dollargacha to‘lagan.
Janubiy Afrika voqeasi xavotirni kuchaytirdi
O‘tgan hafta Janubiy Afrikaning Yohannesburg shahriga G‘azodan kelgan 153 nafar falastinlikni olib kelgan charter samolyot kelib qo‘ngach, vaziyat keskinlashgan. Yo‘lovchilarning pasportlarida Isroil tomonidan qo‘yilishi kerak bo‘lgan chiqish muhrlari bo‘lmagan. Shu sabab, ular taxminan 12 soat davomida samolyot ichida ushlab turilgan.
Janubiy Afrika prezidenti Siril Ramafosa bu voqeani “shubhali” deb atab, bu “falastinliklarni G‘azodan siqib chiqarishga urinish” ekanini ta’kidlamoqda. Holat bo‘yicha tergov amalga oshirilgan. Keyinchalik yo‘lovchilarning 130 nafari 90 kunlik vizasiz kirish tartibi bilan mamlakatga kiritilgan, qolganlari esa Malayziya yoki Kanadaga jo‘nab ketgan.
Xalqaro xavotir ortmoqda
So‘nggi ikki yil davomida G‘azoda davom etayotgan urush chog‘ida ko‘plab xalqaro tashkilotlar falastinliklarni majburan ko‘chirish xavfi borligidan ogohlantirib kelayotgan edi. BMT rasmiylari Isroil G‘azoni “yashab bo‘lmaydigan hududga aylantirayotganini” ta’kidlagan.
Bu orada Isroil hukumati majburiy deportatsiya da’volarini rad etmoqda, biroq o‘ng qanot vazirlarning ayrimlari ochiqchasiga “G‘azodan aholining ixtiyoriy ketishi yagona yechim” ekanini aytmoqda. Shu bilan birga, xususiy kompaniyalar orqali charter reyslar uyushtirilayotgani jarayon qanday nazorat qilinayotgani borasida jiddiy savollarni ochiq qoldirmoqda.








