Daryo

Fabio Kannavaro Misrga qarshi bahs haqida: “Ba’zi epizodlarda qiynaldik”

Italiyalik mutaxassis BAAda bo‘lib o‘tayotgan turnir yarim finalidan keyin matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

1 daqiqa o‘qish2 110 ko‘rishlar0 izoh9

O‘zbekiston terma jamoasi Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tayotgan “Al Ain Cup” musobaqasi yarim finalida Misrni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. O‘yindan so‘ng bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

“Futbolchilarimdan mamnunman. Bu yerga kelganimizdan beri ular bor kuchi bilan ishlashyapti, o‘rganishga intilishyapti. Misrga qarshi o‘ynash oson emas — tarkibida individual mahorati yuqori futbolchilar yetarli. Lekin biz o‘yin boshidan boshlab diqqatni yo‘qotmadik. Gollar urilgach ham bo‘sh hududlarni yopib borishga harakat qildik. Shunga qaramay, jismoniy holat borasida hali ishlashimiz kerak. Keyingi o‘yinlarda bunga ko‘proq e’tibor qaratamiz. Bu g‘alaba jamoaga qo‘shimcha ishonch beradi.

Oston ko‘p kuch sarfladi, shuning uchun almashtirdim. U yaxshi o‘ynadi, gollar urdi. Bu yerga kelganimdan beri O‘runov uchta o‘yinda maydonga tushdi. Oldinda ham jismoniy tayyorgarligini yaxshilashi kerak bo‘ladi.

Eron bilan ko‘p o‘ynaganmiz, ularni hurmat qilamiz. Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri. Finalda ularga muammo tug‘dirishga harakat qilamiz. Muhammad Saloh kabi futbolchini to‘liq yopib bo‘lmaydi. Bunday o‘yinchining kuchsizlantirish uchun jamoviy o‘yinni kuchaytirish kerak.

Darvozabon masalasiga kelsak, biz to‘psiz holatda yaxshi ishlayapmiz. Ammo top darajadagi jamoaga qarshi zarbalarni to‘liq cheklash oson emas. Ba’zi epizodlarda qiynaldik, lekin ular bizga jiddiy xavf yaratishga imkon topa olishmadi”, dedi Fabio Kannavaro.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 18-noyabr kuni musobaqa finalida Eronga qarshi maydonga tushadi. Misr esa 3-o‘rin uchun Kabo-Verde bilan bahslashadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar