O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro “Al Ain Cup” xalqaro turniri yarim finalidan o‘rin olgan Misrga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Italiyalik mutaxassis hozirgi yig‘inga imkon qadar ko‘proq yosh futbolchilarni jalb qilmoqchi ekanini aytdi. Shuningdek, u Abbosbek Fayzullayev hali jarohatidan to‘liq tiklanmagani sabab bu safar tarkibga qo‘shilmaganini ta’kidladi:
“Bizni kuchli raqib kutyapti. Misr — juda jips va sifatli jamoa. Ular oxirgi 30 o‘yinning atigi ikkitasidа mag‘lub bo‘lgan. Tarkibida top darajadagi futbolchilar yig‘ilgan. Shunga qaramay, biz ham maydonda o‘z kuchli tomonlarimizni namoyish etamiz. Bu kabi uchrashuvlar ikkala jamoa uchun ham foydali.
Ro‘yxatimizda ko‘plab yosh futbolchilar bor. Iltimos bo‘lsa, yana ko‘proq o‘yinchini chaqirgan bo‘lardim, chunki ularning mashg‘ulot va o‘yinlardagi holatini ko‘rishni istayman. Ammo 26 nafardan ortiq futbolchini jalb qila olmaymiz. Shunga qaramay, Jahon chempionatigacha ayrim yosh futbolchilarga imkon berishni rejalashtirganmiz.
O‘zbekiston U-17 jamoasining Jahon chempionatidagi o‘yinlarini kuzatyapman. Bunday musobaqalar yoshlar uchun katta tajriba bo‘ladi. Ularga omad tilayman.
Abbos Fayzullayevning holatiga to‘xtaladigan bo‘lsa, u hali jarohatdan to‘liq tiklanmagan, shu sabab yig‘inni o‘tkazib yuboryapti. Ammo u bilan doim aloqadaman — bu mening vazifam. Milliy jamoada uchrayotgan kamchiliklarni to‘g‘rilab, har bir detallarni yaxshilab boramiz”, dedi italiyalik mutaxassis O‘FA mediasiga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston — Misr uchrashuvi bugun, 14-noyabr kuni o‘tkaziladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.








