O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Niderlandiyaga qarshi o‘yindan keyingi matbuot anjumanida futbolchilarning harakatlaridan mamnun ekanini bildirib, uchrashuv davomida ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rganini ta’kidladi.
Italiyalik mutaxassisning fikricha, jamoa hisobda ortda qolgan vaziyatda ham o‘z o‘yin tizimi va tartibini saqlab qola olgan.
“Bunday darajadagi milliy jamoalarga qarshi o‘ynash oson emas. Shunga qaramay, futbolchilarimning harakatlarida ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Bizga aynan shunday uchrashuvlar kerak, chunki kuchli raqiblarga qarshi bahslarda doimo yangi tajriba orttirasiz va nimanidir o‘rganasiz”, dedi Kannavaro.
Mutaxassis himoyadagi ayrim xatolarga ham to‘xtalib, futbolni xatolarsiz tasavvur qilib bo‘lmasligini qayd etdi.
“Bizning vazifamiz futbolchilarga bunday xatolar sonini imkon qadar kamaytirishda yordam berishdir. Ammo ochig‘ini aytsam, himoyadagi kamchiliklardan ko‘ra ko‘proq ijobiy tomonlarni ko‘rdim”, deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Shuningdek, Kannavaro jamoaning jismoniy holatiga ham baho berib, tayyorgarlik jarayoni bir oydan ko‘proq vaqt oldin boshlanganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, legioner futbolchilar keyinroq yig‘inga qo‘shilgan bo‘lsa-da, jismoniy tayyorgarlik borasida yaxshi ish olib borilgan.
“Albatta, ayrim futbolchilar bilan bog‘liq hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar ham mavjud. Biz bu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz”.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Niderlandyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Nyu York shahridagi “Icahn” stadionida o‘tkazilgan bahsda 2:1 hisobi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk oʻyinini Meksikada oʻtkazadi, qolgan ikki uchrashuv esa AQSHdagi stadionlarda boʻlib oʻtadi. “Oq boʻrilar” 18-iyun kuni birinchi turda Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu uchrashuvga Meksika poytaxtidagi “Atsteka” stadioni mezbonlik qiladi.
Jamoa ikkinchi tur doirasida 23-iyun kuni Krishtianu Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya terma jamoasi bilan oʻynaydi. Mazkur bellashuv AQSHdagi “Xyuston” stadionida oʻtkazilishi belgilangan. Guruhdagi soʻnggi uchrashuv 28-iyun kuni “Atlanta” stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi boʻlib oʻtadi.








