Londonning “Arsenal” klubi sobiq futbolchisi Andrey Arshavin 2026-yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining imkoniyatlari haqida fikr bildirib, jamoani turnirning eng sirli va yashirin kuchga ega jamoalaridan biri sifatida baholadi.
Arshavin O‘zbekiston mundialga chiqqanining o‘zi katta yutuq ekanini ta’kidladi.
“Albatta, ular uchun Jahon chempionatiga yo‘llanmaning o‘zi katta muvaffaqiyat. Biroq hozir guruhdagi uchinchi o‘rin egasi ham keyingi bosqichga chiqishi mumkin. O‘zbekiston Portugaliya va Kolumbiya bilan birga ‘o‘lim guruhi’da o‘ynasa-da, men uchun turnirning kutilmagan yashirin kuchi hisoblanadi. Shu bilan birga, Kongo saviya jihatidan ulardan keskin farq qiladi deb o‘ylamayman”, deydi Arshavin.
Sobiq futbolchi O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinini bevosita stadiondan kuzatganini ham aytib o‘tdi.
“Yaqinda O‘zbekiston terma jamoasi uchrashuviga bordim. Yigitlar menga juda yoqdi. Ayniqsa, Eldor Shomurodov yaxshi taassurot qoldirdi. Bu futbol o‘ynaydigan jamoa”.
Arshavin, shuningdek, Abduqodir Khusanovning “Manchester Siti”dagi muvaffaqiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tgan.
“Husanov men uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi. ‘Manchester Siti’ga o‘tguniga qadar uni tanimasdim. Ochig‘i, uning bu darajada o‘ynashiga shubha bilan qaragandim. Ammo u juda yuqori saviyada harakat qilmoqda”, dedi u.
Husanovning futbolchi sifatida rivojlanishida bosh murabbiy Pep Gvardiolaning hissasi haqida so‘ralganda esa Arshavin quyidagicha javob berdi:
“Menimcha, u o‘zini o‘zi shakllantirdi. Ammo Husanov Gvardiola talab qiladigan daraja va mezonlarga mos kelgani, murabbiy esa unga ishongani muhim omil bo‘ldi. Bu yerda Pepning ham hissasi bor, biroq Husanovning bugungi darajaga chiqishida asosiy xizmat uning o‘ziga tegishli”.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan joy olgan bo‘lib, Portugaliya, Kolumbiya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.








