Polshalik hujumchi Robert Levandovski mavsum yakunida “Barselona”ni tark etishi mumkin. The Guardian nashrining yozishicha, kataloniyaliklar uning o‘rniga Myunxenning “Bavariya” klubi futbolchisi Harri Keynni olib kelmoqchi.
Manbaga ko‘ra, ingliz hujumchisi “ko‘k-anorranglilar” hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. 32 yoshli futbolchining shartnomasida 2026-yilning yozida istalgan klub Keynni 65 million yevro evaziga sotib olishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Biroq bu band faqat bitta shart bajarilgandagina kuchga kiradi. Keyn klub rahbariyatini qishki transfer oynasi yakunigacha jamoani tark etmoqchi ekani haqida rasmiy ravishda ogohlantirishi kerak bo‘ladi. “Barselona” esa ushbu bandni faollashtirgan holda futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.
Futbolchining o‘zi kelajagi bo‘yicha bir qarorga kelmagan. Ammo u o‘zini Ispaniya La Ligasida sinab ko‘rish maqsadida “Barselona” taklifini qabul qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Harri Keyn 2023-yilda “Tottenhem”dan “Bavariya”ga o‘tgan. 32 yoshli hujumchi joriy mavsum “nemis mashinasi” safida jami 17 o‘yinda maydonga tushib, 23 ta gol va 3 ta golli uzatma muallifiga aylangan. Hujumchining “Bavariya” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan.








