Isroil parlamenti birinchi o‘qishda o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonunni yoqlab ovoz berdi. Bu haqda Times of Israel xabar berdi.
Isroilda terrorchilar uchun o‘lim jazosini joriy etish bo‘yicha bahsli qonun loyihasi parlamentdagi birinchi to‘siqni yengib o‘tdi. Biroq qonun kuchga kirishi uchun yana ikki marotaba o‘qilishi kerak.
Qonun loyihasiga ko‘ra, o‘lim jazosi “irqchilik motivi bilan” va “Isroil davlatiga zarar yetkazish yoki yahudiy xalqining o‘z yurtidagi qayta tiklanishiga to‘sqinlik qilish” maqsadida isroilliklarni o‘ldirgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi kerak.
Tanqidchilar amalda qonun faqat yahudiylarni o‘ldirgan arablarga tatbiq etilib, yahudiy terrorchilariga nisbatan qo‘llanilmasligini aytmoqda. Parlamentda o‘lim jazosini joriy etishga so‘nggi urinish 2023-yil boshida, G‘azoda urush boshlanishidan oldin amalga oshirilgan edi.
1954-yilda Isroil qotillik uchun o‘lim jazosini bekor qilgan. Shunga qaramay, mamlakat qonunchiligida bu jazo ayrim hollarda, masalan, natsist jinoyatchilarga yoki urush paytida davlatga xiyonat qilganlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin edi. Biroq u tarixda atigi bir marta — 1962-yilda, Holokostni amalga oshirgan natsist zobiti Adolf Eyxmann ishida — qo‘llanilgan.
Knessetning milliy xavfsizlik bo‘yicha komissiyasi allaqachon Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirish kiritish rejalarini ma’qullagan. Qo‘mitaning izohida aytilishicha, “irqchilik yoki jamiyatga nafrat tufayli qotillik sodir etgani uchun hukm qilingan” “terrorchi” kelajakda “majburiy tartibda” o‘lim jazosi bilan jazolanishi kerak. Bu “Isroil davlatiga zarar yetkazish niyatida sodir etilgan holatlarga” ham taalluqli.








