Isroil mudofaa kuchlari (IDF) Livan janubidagi bir nechta binolarga havodan hujum uyushtirdi. Harbiylarning aytishicha, bu binolar “Hizbulloh” guruhi tomonidan harbiy maqsadlarda ishlatilar edi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.
IDF razvedkasi Livan janubidagi “Hizbulloh” faoliyatini xaritaga tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Unga ko‘ra, Nabatiya shahri jangarilar qurollanishi va infratuzilmasini qayta tiklash markaziga aylangani aniqlangan. So‘nggi bir oy davomida IDF ushbu hududga olti marta zarba bergan. Harbiylar bu zarbalar orqali “Hizbulloh”ning yuqori qo‘mondonligi va logistika tizimini izdan chiqarishni maqsad qilganini ta’kidlamoqda.
Tir shahri yaqinidagi hujumlar ham “Hizbulloh”ning terror infratuzilmasini tiklash imkoniyatlariga jiddiy zarar yetkazgan. Isroil harbiylariga ko‘ra, bu zarbalar faqat jangarilarni yo‘q qilishga emas, balki butun tizimni izdan chiqarishga qaratilgan.
IDF ma’lumotiga ko‘ra, “Hizbulloh” jangarilari Tir va boshqa janubiy qishloq hududlarda yerosti tunnel va bunkerlarini qayta qurishga urinmoqda. Isroilning aniq nishonga olingan zarbalari esa harbiy razvedkaning hududda kuchli nazorat o‘rnatganini ko‘rsatmoqda.
Biroq Isroil xavfsizlik idoralari janubiy Livandagi shia aholisi “Hizbulloh”ning harakatlariga qarshi chiqmayotganidan xavotir bildirmoqda. Ularning fikricha, mahalliy aholi jangarilarning faoliyatini yashirincha qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Hizbulloh” infratuzilmasi xaritasi e’lon qilindi
Isroil armiyasi “Hizbulloh”ning janubiy Livandagi qayta tiklanish faoliyatini aks ettiruvchi yangi xaritani ham taqdim etgan. Unda bir nechta strategik joylar qayd etilgan:
1. Bofort tizmasi — raketa uchirish joylari va mudofaa tizimlari qayta qurilmoqda;
2. Ayn Kana — yuqori lavozimli jangarilar yo‘q qilingan;
3. Blida — qurol omborlari, kuzatuv punktlari va razvedka joylari tashkil etilgan.
Qurol omborlari yo‘q qilindi
10-noyabr kuni kechqurun IDFning 769-brigadasi Hula qishlog‘ida “Hizbulloh”ga tegishli bir nechta binolarni aniqlab, vayron qilgan. Harbiylar oktyabr oyida ham shu hududda portlovchi moddalar va eski qurollar yashirilgan omborlarni yo‘q qilgan edi. Isroil tomoni bu operatsiyalar orqali “Hizbulloh”ning janubiy Livanda qayta kuch to‘plashiga yo‘l qo‘ymaslikni maqsad qilganini bildirmoqda.








