Daryo

Prezident qarori: tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha ustama, mukofot va imtiyozlar joriy etiladi

Endi har yili Tibbiyot xodimlari kunida shifokorlar moddiy ragʻbatlantiriladi. 2026-yil 1-apreldan davlat shifoxonalari haftada 5 kun ishlay boshlaydi.

1 daqiqa o‘qish12 325 ko‘rishlar0 izoh42

O‘zbekiston prezidenti “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjatga asosan, 2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari har yilgi Tibbiyot xodimlari kuni bayramida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi.

Bayram munosabati bilan “Eng yaxshi shifokor”, “Eng yaxshi shifoxona” va boshqa nominatsiyalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. G‘oliblariga 30 million so‘mgacha pul mukofotlari beriladi. Eng yaxshi tibbiyot muassasalariga esa 500 million so‘m ajratiladi.

Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.

Kelasi yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan shifokorlarga BHMning 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliygohlarda bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi (BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi) qoplab beriladi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari davlat byudjetidan to‘liq qoplanadi.

Har yili 15 yil ish stajiga ega 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning 25 foiz dastlabki badali to‘lab beriladi. 

2026-yil 1-yanvardan boshlab Milliy akkreditatsiyadan o‘tgan xodimlarga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama to‘lanadi.

Kelasi yil boshidan kamida uch yil ish stajiga ega davlat tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bir yilda bir marta bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot xodimlariga bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi. Shuningdek, soha xodimlariga barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori ikki barobar kamaytiriladi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar