Butun dunyoda jurnalistlar o‘ldirilishi holatlarining o‘ndan to‘qqiztasi ochilmay qolmoqda. Bu haqda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan yo‘llagan murojaatida ma`lum qildi.
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil avgustidan 2025-yil mayigacha 163 nafar jurnalistning o‘ldirilishi qayd etilgan. Ulardan 109 nafar OAV xodimi, jumladan 12 nafar ayol, mojaro hududlarida, asosan G‘azoda (46 ta holat), Sudanda (13) va Ukraina hududida (8) halok bo‘lgan.
“Men G‘azoda jurnalistlarning o‘ldirilishini qoralayman, ularning ko‘pligidan g‘azablanaman va mustaqil hamda xolis tergov o‘tkazishga chaqiraman. Xalqaro jurnalistlarning G‘azoga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi taqiq mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas", - deydi Antoniu Guterrish.
Qayd etilishicha, urush bo‘lmagan mamlakatlarda ham jurnalistlarning o‘ldirilishi davom etmoqda. Xususan, YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda Meksikada 15 nafar OAV xodimi o‘ldirilgan. Jurnalistlar o‘ldirilishining eng ko‘p tasdiqlangan holatlari arab davlatlarida (82), Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida (34), Afrikada (5), Osiyo-Tinch okeani mintaqasida (30) hamda Yevropa va Shimoliy Amerikada (12) qayd etilgan.
BMT Bosh kotibining ta’kidlashicha, jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosiz qolishning global darajasi hali ham juda yuqori. 2022-yilga nisbatan bir foizga kamaygan bo‘lsa-da, jurnalistlar qotilliklarining 85 foizi ochilmay qolmoqda. Eng ko‘p jazosizlik Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida qayd etilgan, keyingi o‘rinlarda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Afrika turadi. Bunga huquqni muhofaza qilish va sud tizimlarining zaifligi va korrupsiyasi, siyosiy irodaning yetishmasligi, shuningdek, siyosiy arboblar, korrupsiyalashgan biznes tuzilmalari va uyushgan jinoyatchilik o‘rtasidagi aloqalar sabab bo‘lmoqda.
“Chegarasiz muxbirlar" tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yildan 2025-yilgacha kamida 1163 nafar jurnalist hibsga olingan, ulardan 568 nafari 48 mamlakatda hamon hibsda qolmoqda. Jurnalistlarni qamash bilan bog‘liq barcha holatlarning deyarli yarmi beshta davlatga to‘g‘ri keladi: Belarus, Xitoy, Isroil, Myanma va Rossiya Federatsiyasi.
“Erkin va mustaqil jurnalistika eng muhim ijtimoiy ne’matlardan biri bo‘lib, butun dunyodagi jurnalistlar erkin, xolis va qo‘rquvsiz ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Shunga qaramay, jurnalistlarga hujumlar davom etmoqda”, - deb ta’kidlaydi Guterrish.
BMT Bosh kotibining fikricha, davlatlar tezkor, puxta, xolis va mustaqil tergov yo‘li bilan jurnalistlarni o‘ldirganlik uchun jazosiz qolishga chek qo‘yishi kerak.








