Daryo

Guterrish BMT moliyaviy halokatga uchrashi mumkinligi haqida ogohlantirdi

Bosh kotibning hisob-kitoblariga ko‘ra, tashkilotning mablag‘lari iyul oyiga qadar tugashi mumkin.

2 daqiqa o‘qish4 330 ko‘rishlar0 izoh1

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1,6 milliard dollarlik qarz tufayli moliyaviy halokat yoqasiga kelib qoldi. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrish 28-yanvar kuni a’zo davlatlarga yuborgan xatida ma’lum qilgan, deya xabar bermoqda Reuters agentligi.

Agentlik qo‘liga tushgan maktubga ko‘ra, tashkilotdagi inqiroz “dasturlarni amalga oshirishga tahdid solib, moliyaviy halokat xavfini keltirib chiqarib, tobora chuqurlashmoqda”.

“Yaqin kelajakda vaziyat yanada yomonlashadi”, deb ta’kidlagan bosh kotib.

Maktubda u “tasdiqlangan muntazam byudjetning katta qismini moliyalashtiradigan belgilangan badallarni to‘lamaslik to‘g‘risidagi qarorlar endi rasman e’lon qilinganini” qayd etgan. Bunda aynan qaysi davlatlar nazarda tutilgani aniqlanmagan.

“Yo barcha ishtirokchi davlatlar to‘lovlarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash majburiyatlarini bajaradi, yoki ishtirokchi davlatlar muqarrar moliyaviy halokatning oldini olish uchun moliyaviy qoidalarimizni tubdan qayta ko‘rib chiqishlari shart”, deyiladi maktubda.

Bosh kotibning hisob-kitoblariga ko‘ra, tashkilotning mablag‘lari iyul oyiga qadar tugashi mumkin.

Ayni paytda tashkilot uning eng yirik homiysi bo‘lgan AQSH BMT agentliklarini ixtiyoriy moliyalashtirishni keskin qisqartirgani va BMTning muntazam byudjeti hamda tinchlikparvarlik operatsiyalari byudjetiga majburiy badallarni to‘lashdan bosh tortgani sababli likvidlik inqiroziga duch kelmoqda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda AQSH tomonidan jahon tashkilotiga yordam hajmi 3,3 milliard dollargacha qisqargan. Bu BMTning umumiy moliyalashtirish hajmining taxminan 14,8 foizini tashkil etadi. 2024-yilda Vashington tashkilotga 14,1 milliard dollar, 2022-yilda esa 17,2 milliard dollar yo‘naltirgan edi.

2025-yil dekabr oyida Jahon tashkilotining Jenevadagi bo‘limi bosh direktori Tatyana Valovaya BMT byudjeti 2026-yilda 2025-yilga nisbatan 15 foizga qisqarishini, byudjet taqchilligi tufayli shtatlar 18 foizga kamaytirilishini ma’lum qilgandi.

BMT qoidalariga ko‘ra, badallar har bir a’zo davlatning iqtisodiyoti hajmiga bog‘liq. Asosiy byudjetning 22 foizi AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi, undan keyin 20 foiz bilan Xitoy turadi. 2025-yil oxirigacha besh hafta qolganda 48 ta davlat BMTga a’zolik badallarini to‘liq to‘lamagan edi. Ular orasida AQSH va Rossiya ham bor, Xitoy esa o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan.

BMT 193 davlatni o‘z ichiga oladi. Tashkilot xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish hamda insonparvarlik yordamini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. U 1945-yilda Ikkinchi jahon urushidan so‘ng yangi global mojarolarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan edi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar