Yevropa Ittifoqi (YI) 6-noyabr kuni Rossiya fuqarolariga ko‘p martalik Shengen vizalari berilish tartibini bekor qildi. Qaror Moskva ustidan bosimni kuchaytirishga qaratilgan navbatdagi choradir.
Ittifoq bayonotida aytilishicha, bundan buyon rossiyaliklar har safar Yevropaga sayohat qilmoqchi bo‘lsa, yangidan viza olishi kerak bo‘ladi.
“Bu qaror xavfsizlikni ta’minlash maqsadida arizalarni muntazam tekshirib borish imkonini beradi” deyiladi YI bayonotida.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bu qarorni tanqid qilmoqda.
“Yevropaga endi badavlat sayyohlar kerak emas shekilli, ular o‘rniga Ukrainadan kelayotgan muhojirlar bilan kifoyalanishmoqda”, degan Zaxarova “TASS” agentligiga.
Yevropa Ittifoqi 2022-yilda Rossiya bilan viza berishni yengillashtiruvchi kelishuvni to‘xtatgan edi. Ayrim davlatlar, jumladan Boltiqbo‘yi mamlakatlari, rossiyaliklarning o‘z hududiga kirishiga butunlay taqiq joriy etgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda yarim milliondan ortiq rossiyalik Shengen vizasini olgan. Bu 2023-yildagidan ko‘p, biroq urushdan oldingi davr — 2019-yildagi 4 million vizadan ancha kam. Vengriya, Fransiya, Ispaniya va Italiya esa hanuz rossiyalik sayyohlarga viza berishni davom ettirmoqda.








