O‘zbekistonda 2025-yil oktyabrida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlar natijasida tizimga 99 milliard soʻmlik zarar yetkazildi. Bu haqda “Oʻzenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlari ishtirokida so‘ngi bir oyda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan 192 ta holat aniqlangan.
Unga ko‘ra, 22,3 mln kVt/soat elektr energiyasi (63,9 mlrd so‘m) va 11,4 mln metr kub tabiiy gaz (35 mlrd so‘m) talon-toroj qilinishi natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra jami 99 milliard 15 million so‘m zarar qayta hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 479 ta ma‘muriy ish rasmiylashtirilgan. Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.
O‘zbekistonda 2023-yil iyun oyidan elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgandi. Mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etganlarga BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazo choralari qo‘llanilishi mumkin.








