Qatar maydonlarida bo‘lib o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati “J” guruhi 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston U-17 hamda Paragvay U-17 jamoalari o‘rtasidagi bahs yakunlandi. Qiziqarli va keskin kurashlar ostida o‘tgan bahsda Islombek Ismoilov jamoasi 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi hisob 25-daqiqada ochildi. Azizbek Abdumo‘minov jarima maydonchasi tashqaridan kuchli zarba yo‘llab, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunida O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi ikkinchi marta Paragvay darvozasini ishg‘ol qildi. O‘ng qanotdan jarima maydonchasi ichiga uzatib berilgan to‘pni Abdumo‘minov xotirjam tarzda raqib darvozasiga yo‘lladi — 0:2.
Ikkinchi bo‘lim ham qiziqarli o‘tdi. Har ikki jamoa navbatma-navbat raqib darvozasi oldida xavfli hujum uyushtirdi. O‘yin yakuniga yaqin Paragvay hisobni bittaga qisqartirdi. Amirxon Murodov o‘z jarima maydonchasi ichida raqibga nisbatan qo‘pol o‘ynadi. VARni ko‘rgan hakam 11 metrlik jarima zarbasi belgiladi. Penaltini Alan Ledesma aniq amalga oshirib, tablodagi natijani 1:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Mazkur hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi va O‘zbekiston U-17 Jahon chempionatining ilk turida g‘alaba qozondi.
U-17 Jahon chempionati
“J” guruhi
Paragvay U-17 — O‘zbekiston U-17 1:2
Gollar: 0:1 — Abdumo‘minov (25), 0:2 — Abdumo‘minov (45+2), 1:2 — Ledesma (88)








