O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida Osiyo chempionligini qo’lga kiritgan, Qatarda o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati 1/8 finaliga qadar yetib borgan Islombek Ismoilov Farg‘onaning “Neftchi” klubi bosh murabbiyi aylandi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 33 yoshli mutaxassis jamoadan ketgan qirg‘izistonlik Vitaliy Levchenkoning o‘rnini egallaydi.
“Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Islombek Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolimizda sezilarli natijalarga erishib, murabbiylik sohasida eng istiqbolli kadrlardan biri sifatida tanilgan. U boshqargan U-17 terma jamoasi zamonaviy o‘yin uslubi, intizom va xarakter bilan mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi”, deydiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, Ismoilov boshchiligidagi “Neftchi”ga chempionlikni saqlab qolish va mustahkamlash, Elit Osiyo Chempionlar Ligasida muvaffaqiyatli ishtirok etish, jamoaning raqobatbardosh va uzluksiz rivojini ta’minlash vazifalari qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, Islombek Ismoilov faoliyati davomida Farg‘onaning “Yozyovon” hamda “Turon” klublarida faoliyat olib borgan. Shuningdek, u 2022-yildan 2025-yilga qadar O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ustozi sifatida ishladi.








