Daryo

Tarixiy rekord: O‘zbekiston to‘qqiz oyda 9,9 mlrd dollarlik oltin sotdi

Shu paytgacha yillik sotuvning eng yuqori qiymati 2023-yilda 8,1 mlrd dollar boʻlgandi. Eksport va zaxira qiymatining yuqori darajada ortishi oltin keskin qimmatlashgani bilan izohlanadi.

1 daqiqa o‘qish5 751 ko‘rishlar0 izoh1

Joriy yil yanvar—sentyabr oylarida Oʻzbekiston 9,9 mlrd dollarlik oltin eksport qildi (2024-yil mos davridagidan 70,9 foizga koʻp). Bu oʻtgan davrlarda yillik qiymatda ham kuzatilmagan tarixiy maksimum hisoblanadi.

Statistika qoʻmitasi sharhiga koʻra, oltindan daromadlar mamlakatning toʻqqiz oylik eksport tushumlaridan (26,7 mlrd dollar) 37,1 fozini tashkil etgan.

Taqqoslash uchun, 2024-yil mos davrida xorijga 5,8 mlrd dollarlik qimmatbaho metall sotilgan. Mazkur koʻrsatkich respublika eksport tushumlarining 28,9 foiziga teng boʻlgan.

Oʻzbekiston 2023-yilda avvalgi yillardagidan keskin yuqori qiymatda, 8,1 mlrd dollarlik oltin eksport qilgandi. Masalan, 2021 va 2022-yillardagi oltin sotuvlari qiymati 4,1 mlrd dollardan (har bir yilga) toʻgʻri kelgan.

Respublika 2018-yilda 2,9 mlrd, 2019-yilda 4,9 mlrd, 2020-yilda 5,8 mlrd dollarlik qimmatbaho metall eksport qilgan.

Joriy yil 2025-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati 55 mlrd dollarga yetgan. Bu tarixiy raqam boʻlib, avval bunday yuqori koʻrsatkich qayd etilmagan. Zaxiralarning 44,2 mlrd dollari oltin hissasiga toʻgʻri keladi (avgustda 40 mlrd dollar edi). Qolgani xorijiy valyuta va qimmatli qogʻozlardagi aktivlardir.

Oltin zaxirasining qiymati bu qadar yuqori darajada ortishi qimmatbaho metall narxi keskin koʻtarilib borishi bilan izohlanadi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil boshidan buyon bir unsiya oltin (31,1 gramm) narxi deyarli 50 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 1-yanvarda oltinning unsiyasi 2,6 ming dollardan sotilgan boʻlsa, 7-oktyabr kuni bu narx 4 ming dollardan oshdi.

Oʻzbekiston oltin zaxiralari qiymati ortsa-da, hajmi qisqarmoqda. Masalan, joriy yil 1-oktyabrda zaxiradagi oltin qoldigʻi 11,6 mln unsiyani (409,1 ming tonna) tashkil etgan. Avgust oyida bu koʻrsatkich 11,8 mln (416,2 ming tonna) unsiya, sentyabr boshida 12,3 mln unsiya (433,8 ming tonna) boʻlgan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar