Mamlakat oltin-valyuta zaxiralari bir oyda qariyb 5 mlrd dollarga yaqin qiymatda oshdi. Shundan 4 mlrd dollari oltin hissasiga toʻgʻri keldi. Bu haqda Markaziy bank eʼlon qilgan statistik raqamlarda koʻrsatilgan.
2025-yil 1-oktyabr holatiga koʻra, Oʻzbekiston oltin-valyuta zaxiralari qiymati 55 mlrd dollarga yetdi. Bu tarixiy raqam boʻlib, avval bunday yuqori koʻrsatkich qayd etilmagan.
Zaxiralarning 44,2 mlrd dollari oltin hissasiga toʻgʻri keladi (avgustda 40 mlrd dollar edi). Qolgani xorijiy valyuta va qimmatli qogʻozlardagi aktivlardir.
2024-yil 1-oktyabrda mamlakat oltin zaxiralari qiymati 41,1 mlrd dollar edi. Shundan 31,8 mlrd dollari oltin hissasiga toʻgʻri kelgan. Zaxiralarning bir yillik oʻsishi 13,9 mlrd dollardan ortgan boʻlsa, shuning 12,4 mlrd dollari qimmatbaho metall ulushidir.
Oltin zaxirasining qiymati bu qadar yuqori darajada ortishi qimmatbaho metall narxi keskin koʻtarilib borishi bilan izohlanadi. Bloomberg maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil boshidan buyon bir unsiya oltin (31,1 gramm) narxi deyarli 50 foizga oshgan. Taqqoslash uchun, 1-yanvarda oltinning unsiyasi 2,6 ming dollardan sotilgan boʻlsa, 7-oktyabr kuni bu narx 4 ming dollardan oshdi.
Oʻzbekiston oltin zaxiralari qiymati ortsa-da, hajmi qisqarmoqda. Masalan, joriy yil 1-oktyabrda zaxiradagi oltin qoldigʻi 11,6 mln unsiyani (409,1 ming tonna)tashkil etgan. Avgust oyida bu koʻrsatkich 11,8 mln (416,2 ming tonna) unsiya, sentyabr boshida 12,3 mln unsiya (433,8 mln tonna) boʻlgan.
Statistika qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, joriy yil yanvar–avgust oylarida Oʻzbekiston jami 22,98 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar eksport qildi. Mazkur qiymatning qariyb 8,42 mlrd dollari (36,7 foizi) oltin sotuvi hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu mamlakat tarixida qayd etilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Yaʼni oʻtgan davrlarda hatto yillik oltin sotuvlari ham ushbu sakkiz oylik qiymatga yetmagan.








