“Manchester Siti” hujumchisi Erling Holand Chempionlar Ligasi 4-turidan o‘rin olgan “Borussiya Dortmund”ga qarshi bahs oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi. Unda norvegiyalik futbolchi o‘zini Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu bilan solishtirish to‘g‘ri emasligini aytdi. Bu haqda Cadena Ser nashri xabar berdi.
“Ularning darajasidan juda yiroqman. Hech kim ularga yaqinlasha olmaydi. Men rekordlar haqida o‘ylamayman. Mening vazifam – jamoaga g‘alabalar keltirish. Bilaman, bu zerikarli eshitiladi, lekin men bunga e’tibor bermayman”, dedi Holand Manchester Evening News nashriga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, avvalroq “shaharliklar” ustozi Xosep Gvardiola Erling Holandning o‘yin darajasi Messi va Ronaldu bilan bir xil ekanligi aytgan edi.
Joriy mavsum Holand barcha musobaqalar doirasida jami 17 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 20 ta gol va 2 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan. Uning “Manchester Siti” bilan shartnomasi 2034-yilga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali hujumchining qiymatini 180 million yevroga baholagan.








