Serbiya chempionatida dahshatli fojia yuz berdi. “Radnichki” (Kragujevats) klubi bosh murabbiyi Mladen Jijovich o‘yin paytida yurak xurujidan vafot etdi. Bu haqda “Novosti.rs” nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, 45 yoshli mutaxassis chempionatning 14-turidan o‘rin olgan “Mladost” (Luchani)ga qarshi uchrashuv davom etayotgan paytda to‘satdan yerga yiqilgan. Hakam o‘yinni darhol to‘xtatgan, tibbiyot xodimlari murabbiyga birinchi yordam ko‘rsatgan. Jijovich tez yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, u hayotdan ko‘z yumgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga yurak xuruji sabab bo‘lgan.
Murabbiy hushini yo‘qotgan paytda futbolchilar va jamoa a’zolari katta sarosimaga tushgan, ayrim futbolchilar esa fojia haqidagi xabarni eshitgach, maydonga tiz cho‘kib yig‘lab yuborgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Jijovich o‘yindan avval o‘zini yomon his qilgani, hatto ovqatlanish paytida ko‘ngli ayniyotganini aytgan. E’tiborli tomoni shundaki, u “Radnichki” jamoasini atigi ikki hafta avval qabul qilib olgan edi.
Mladen Jijovich sobiq futbolchi bo‘lib, 2016-yildan beri murabbiylik faoliyatini olib borayotgan edi. Marhum uch nafar farzand — ikki qiz va bir o‘g‘ilning otasi edi.








