Daryo

O‘zbekiston “Qiyomat kuni ombori”ga 20 dan ortiq ekin urug‘ini topshirdi

Norvegiyadagi Butunjahon urug‘ omboriga qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bug‘doyning 20 dan ortiq mahalliy navlari urug‘i yuborildi. Unda urug‘lar tabiiy ofatlar, mojarolar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli o‘simlik turlarining yo‘qolish xavfini kamaytirish uchun saqlanadi.

1 daqiqa o‘qish2 956 ko‘rishlar0 izoh18

O‘zbekistonning qadimiy va mahalliy ekinlariga oid urug‘ namunalari Norvegiyada joylashgan dunyodagi eng yirik va xavfsiz urug‘ saqlash ombori — Svalbard Butunjahon urug‘ saqlash genbanki (Svalbard Global Seed Vault)ga topshirildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Bu tashabbus Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Nordic Genetic Resource Center (NordGen) o‘rtasidagi samarali xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur jarayon O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ekinlarining genetik xilma-xilligini saqlash, milliy genofondni mustahkamlash va xalqaro miqyosda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarda muhim bosqich bo‘ldi. Svalbarddagi omborga topshirilgan urug‘lar o‘zbek dehqonchilik madaniyatining bebaho merosi — qadimiy navlar va mahalliy ekotiplarning genetik namunalarini ifodalaydi. Kolleksiya tarkibida qovun, tarvuz, pomidor, qalampir, baqlajon, sabzi, piyoz va bug‘doyning 20 dan ortiq mahalliy navlari mavjud. Ayniqsa, bug’doyning mahalliy qayroqtosh navi alohida ahamiyatga ega.

O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti vakillarining ta’kidlashicha, bu tashabbus O‘zbekistonning o‘simliklar xilma-xilligini asrash, global oziq-ovqat xavfsizligiga hissa qo‘shish va genetik resurslarni kelajak avlodlar uchun saqlab qolish yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini namoyon etadi.

“Qiyomat kuni ombori” deb ham ataladigan Svalbard Butunjahon urug‘ ombori Arktika muzliklari bag‘rida joylashgan bo‘lib, -18 daraja haroratda doimiy ishlaydigan global genbank hisoblanadi. Hozirda bu yerda 1,1 milliondan ortiq urug‘ namunalari saqlanmoqda. Ushbu maskan dunyo bo‘ylab gen banklarida mavjud urug‘larning zaxira nusxalarini uzoq muddatli saqlashni ta’minlaydi.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Bunday tizim tabiiy ofatlar, urushlar, moliyaviy inqirozlar yoki texnik nosozliklar tufayli o‘simlik turlarining yo‘qolib ketish xavfini kamaytiradi va butun dunyo uchun barqaror oziq-ovqat ta’minotini kafolatlaydi.

Foto: Wikiway

Svalbard Butunjahon urug‘ ombori Norvegiya hukumati, Crop Trust tashkiloti va Nordic Genetic Resource Center (NordGen) o‘rtasidagi uch tomonlama kelishuv asosida boshqariladi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar