Saudiya Arabistoni futbol rahbariyati Lionel Messining mamlakat klublaridan birida qisqa muddatga o‘ynash haqidagi taklifini rad etdi. Bu haqda RMC Sport nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, argentinalik futbolchi AQSHning MLS ligasidagi tanaffus vaqtida jismoniy holatini saqlab turish maqsadida Saudiya Arabistoni jamoalaridan biriga o‘tmoqchi bo‘lgan. Biroq mahalliy rahbariyat Messining atigi to‘rt oyga kelib, milliy chempionatda o‘ynash istagiga rad javobini bergan.
Eslatib o‘tamiz, 23-oktyabr kuni “Inter Mayami” Messi bilan shartnomani 2028-yil dekabrigacha uzaytirganini e’lon qilgan edi.
Avvalroq Lionel Messi 2026-yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish niyatida ekanini bildirgan, ammo u yakuniy qarorni keyinroq, o‘zining jismoniy holatiga qarab qabul qilishini aytgan.
38 yoshli Messi 2023-yildan beri “Inter Mayami” safida to‘p suradi. U faoliyati davomida “Barselona” va “Pari Sen-Jermen” klublarida ham o‘ynagan. Argentinalik yulduz sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lib, milliy terma jamoasi bilan Jahon chempionati (2022), Amerika Kubogi (2021, 2024), Finalissima (2022) va Olimpiada (2008) g‘olibligini qo‘lga kiritgan.
2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.








