Daryo

“Maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q” — Nurmat Otabekov

Sanepidqo‘m raisi o‘rinbosari Toshkentdagi maktablarda niqob taqish tartibi joriy etilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Agar guruhda kasallangan bolalar bo‘lsa, o‘sha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etilishini bildirdi.

2 daqiqa o‘qish2 045 ko‘rishlar0 izoh0

Toshkent shahridagi maktablarda 30-oktyabrdan boshlab tibbiy niqob taqish tartibi joriy etilishi bilan bog‘liq xabarlar tarqalgandi. Sanepidqo‘m raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekov bunga munosabat bildirib, hozir maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘qligini ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda O‘zbekiston Bosh davlat sanitariya vrachining shu yil 26 -sentyabrdagi qarori asos qilib ko‘rsatilyapti. Nurmat Otabekov qaror sentyabrda imzolanganini. aslida, har yili mavsumiy o‘tkir respirator kasalliklar va gripp avj olishidan oldin bu kabi qarorlar qabul qilinib, joylardagi muassasalarga tegishli tavsiyalar berib kelinishini ma’lum qildi.

“Qarorda epidemik vaziyat murakkablashganda tibbiy niqob taqish belgilangan. Hozir epidemik vaziyat barqaror, shunday ekan, maktablarda yoppasiga niqob taqish zarurati yo‘q. Agar guruhda kasallangan bolalar bo‘lsa, o‘sha bemor bilan muloqotga kirishish ehtimoli bor joylardagina niqob taqish tavsiya etiladi”, dedi Nurmat Otabekov.

Uning ta’kidlashicha, hujjatda aytib o‘tilgan tibbiy niqob taqish tartibi joylarda vaziyatga qarab hal qilinadi. Buni zinhor yoppasiga shunday tartib joriy qilinyapti, deb talqin qilmaslik kerak. Shu ma’noda, mazkur qarorga joylardagi epidemik vaziyat qay darajada murakkab yoki murakkab emasligidan kelib chiqib, tegishli chora qabul qilish uchun mo‘ljallangan odatiy hujjat sifatida qaralishi zarur.

Sanepidqo‘m raisi o‘rinbosari havo-tomchi yo‘li bilan yuqadigan kasalliklarda imkon qadar ijtimoiy masofa saqlash va muloqot davrida niqobda bo‘lish maqsadga muvofiqligini qo‘shimcha qildi.

Bundan bir necha kun avval Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar orasida mavsumiy o‘tkir respirator virusli kasalliklarga o‘xshash, lekin ich ketish va qayt qilish simptomlari bo‘lgan infeksiya tarqalayotgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirgandi. Unda shamollash mavsumining boshlanishi biroz kechroq boshlangani ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotganidek, hech qanday g‘ayrioddiy holat emasligi aytilgandi.

Ba’zida respirator belgilar yo‘talish, aksirish, burun achishishi, tana harorati ko‘tarilishi bilan kuzatilsa, ayrim bemorlarda oshqozon-ichak tizimining buzilishi tarzida namoyon bo‘lishi, xastaliklar har doim ham bir xil kechmasligi va mazkur holat virusning shtammlari bilan bog‘liqligi ma'lum qilgandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar