Namangan shahar hokimi lavozimiga Ayyubxon Kamolov tayinlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar qildi.
Maʼlum boʻlishicha, uning nomzodi Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tavsiya etilgan va tasdiqlangan. Bungacha u Markaziy bank raisining oʻrinbosari sifatida ishlagan.
Kamolov Anvarjon Otaxoʻjayev oʻrniga tayinlangan. Sobiq hokim qilgan jinoyati uchun deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, qamoqqa olingan.
Otaxoʻjayev poyabzal ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari bilan oʻzaro til biriktirgani aniqlangandi. Ular qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan maʼnan eskirgan turar-joy binolari oʻrniga koʻp qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilgan.
Oʻtkazilgan tezkor tadbirda dastlab MCHJ rahbari soʻralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi oʻzining yana bir ishonchli odami boʻlgan hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyilgandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi Tergov boʻlimi tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgandi. Shahar hokimiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Ayyubxon Kamolov 1971-yilda Namangan shahrida tugʻilgan, 1993-yili Leningrad qishloq xoʻjaligi instituti, 2001-yili Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan
U mehnat faoliyatini 1993-yili Namangan viloyat Istiqbolni belgilash va statistika boshqarmasida boshlagan. 1994—2017-yillarda bank-moliya tizimida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.
2017—2019-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi ijrochi direktori vazifasida ishlagan. 2019—2020-yillarda Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari boʻlgan, soʻng Vazirlar Mahkamasining Makroiqtisodiy tahlil, moliya-bank tizimi, davlat aktivlarini boshqarish, raqobatni boshqarish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari kotibiyatini boshqargan.
Ayyubxon Kamolov 2020-yil dekabridan beri Markaziy bank raisining oʻrinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.








