Turkiyaning Sindirgi shahrida (Balikesir) 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Turkiya tabiiy ofatlarga qarshi kurash boshqarmasi (AFAD) xabar berdi.
Yer silkinishi 27-oktyabr kuni soat 22:48 da (Toshkent vaqti bilan 28-oktyabr 00:48 da) yuz bergan. Zilzila o‘chog‘i deyarli 6 kilometr chuqurlikda bo‘lgan. Tabiiy ofat oqibatida uchta bino va do‘kon qulab tushgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlangan hududda allaqachon mutaxassislar ishlamoqda. Balikesir viloyatida sodir bo‘lgan 6,1 magnitudali zilziladan so‘ng 102 ta aftershok qayd etilgan.
Ulardan eng kuchlisining magnitudasi 4,3 ni tashkil etgan. Yer silkinishi oqibatida 22 kishi jarohatlangan, ularning 18 nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil fevral oyida Turkiyada Rixter shkalasi bo‘yicha 7,5 balldan yuqori bo‘lgan bir nechta kuchli zilzilalar ketma-ket sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat zonasi 11 ta provinsiya va qo‘shni mamlakatlarni qamrab oldi. Oqibatda 50 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi.
Seysmologlar ta’kidlashicha, 2030-yilgacha bo‘lgan istiqbolda xuddi shunday kuchli zilzila ehtimoli juda katta. Biroq uning oqibatlari yanada halokatli bo‘ladi.








