Bank xizmatlaridan foydalanuvchilar va tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Endilikda davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan pullarni kredit qarzdorligi uchun undirish, shuningdek, kreditni onlayn rasmiylashtirishda mijoz roziligini ifodalovchi maydonchalar yoki kredit parametrlarini oldindan belgilab qoʻyish taqiqlandi.
Nizomga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan, banklar kredit ajratish vaqtida isteʼmolchilarga uni olish bilan bogʻliq ehtimoliy tavakkalchiliklar toʻgʻrisida cheklistni taqdim etishi hamda omonat yoki bank hisobvaragʻi shartnomasini tuzish jarayonlarida fuqarolarga omonatlarni kafolatlash tizimi haqidagi axborot bilan tanishtirishi lozimligi belgilandi.
Banklar moliyaviy qiyinchilik yoki murakkab hayotiy vaziyatga tushgan fuqarolarning arizalarini koʻrib chiqish tizimi joriy qilingan boʻlishi va bu haqda oʻzlarining veb-saytlarida eʼlon qilishi kerak.
Bunda kreditlarni restrukturizatsiya qilish, masalan toʻlov muddatlarini uzaytirish, foizlarni qayta koʻrib chiqish, jumladan homiladorlik va tugʻish taʼtilidagi ayollarning kredit toʻlovi muddatlarini oʻn oygacha uzaytirish boʻyicha arizalarni koʻrib chiqish nazarda tutilishi kerak.
Avvalroq Samarqandda Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi Pastdargʻom tuman boʻlimi oʻzlari yoʻl qoʻygan xato sababli ikki nafaqaxoʻrning pensiyasidan mablagʻ ushlab qolgani xabar qilingandi.








