AQSHda noqonuniy bo‘lgan 1,6 million kishi o‘z ixtiyori bilan mamlakatni tark etdi, yana 500 ming kishi majburan deportatsiya qilindi. Bu haqda Ichki xavfsizlik departamentiga tayanib, ABC News xabar berdi.
Departament odamlarni ixtiyoriy deportatsiyaga undash uchun millionlab dollar sarflab, reklama kampaniyalarini olib bormoqda. Ushbu dasturda ro‘yxatdan o‘tganlarga 1 000 dollar pul mukofoti va samolyot chiptasi beriladi. Hozirda oʻzini deportatsiya qilganlarga jami qancha mablag‘ berilgani noma’lum.
“Prezident Tramp va ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem so‘nggi to‘rt yil davomida o‘z vazifasini bajarishda cheklangan idorani qayta jonlantirdi. Bizning xabarimiz noqonuniy muhojirlarga yetib bormoqda — ular hozir AQSH chegarasiga yetmasdan ortga qaytmoqda. Panamadagi Darien dovoni orqali o‘tuvchi migratsiya oqimi 99,99 foizga kamaydi”, dedi departamentning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchi kotibi Trisiya Maklaflin
Prezident Donald Tramp 2024-yilgi saylovoldi kampaniyasi davomida ommaviy deportatsiyalarni amalga oshirishga va’da bergan edi.
“O‘zini deportatsiya qilish” yo‘li
Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan noqonuniy migrantlar CBP Home ilovasi orqali deportatsiyani tashkillashtiradi. Ularning vataniga qaytgani tasdiqlangach, 1 000 dollar taqdim etiladi.
Hozirda noqonuniy muhojirni hibsga olish, ushlash va chiqarib yuborishning o‘rtacha qiymati AQSH uchun 17 ming dollarni tashkil etadi. Shu sababli “o‘zini deportatsiya qilish” muqobil va hamyonbop variant hisoblanadi.
AQSHdan mustaqil deportatsiya qilishni istaydiganlar hibsga olinmaydi. Bundan tashqari, ular kelajakda Qo‘shma Shtatlarga qonuniy asosda kirish imkoniyatini saqlab qoladi. Tegishli tashabbus prezident Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan.








