Besh karra “Oltin to‘p” sohibi Krishtianu Ronalduning to‘ng‘ich farzandi — Krishtianu Ronaldu dos Santos Portugaliya U-16 terma jamoasiga ilk bor chaqirildi. Bu haqda mamlakat futbol federatsiyasi matbuot xizmatida xabar berildi.
Kichik Ronaldu Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan xalqaro turnirda ishtirok etadi. Musobaqa doirasida Portugaliya o‘smirlar jamoasi Angliya, Turkiya va Uels U-16 terma jamoalari bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu Junior o‘zining xalqaro maydondagi debyutini 2025-yil 13-may kuni Xorvatiyada bo‘lib o‘tgan turnirda o‘tkazgan edi. O‘shanda u Portugaliya U-15 jamoasi safida ishtirok etib, jamoasi bilan musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritgan. Ronaldu to‘rt o‘yinda maydonga tushib, ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan.
Ma’lumot uchun, 15 yoshli futbolchi ayni damda Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi akademiyasida tahsil olmoqda. Bungacha u “Yuventus” va “Manchester Yunayted”ning yoshlar jamoalarida ham to‘p surgan.








