The Way of Warrior FC promoushenlik tashkiloti “An-Nassr” hamda Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu kompaniya aksiyadorlari safiga qo‘shilganini rasman e’lon qildi. Dunyodagi eng taniqli sport yulduzlaridan birining ligaga qo‘shilishi tashkilot rivojida muhim bosqich bo‘lgani aytilmoqda. WOW FC vakillariga ko‘ra, bu qadam aralash yakkakurashlar (MMA) kelajagini global darajada o‘zgartirib yuborishi mumkin.
“MMA men qadrlaydigan tamoyillarni ifodalaydi: intizom, hurmat, matonat va doimiy ravishda mukammallikka intilish. The Way of Warrior FC o‘ziga xos va kuchli loyiha yaratmoqda. Sportni rivojlantirish va yangi avlodni ilhomlantirishga hissa qo‘shish uchun ushbu tashabbusga qo‘shilganimdan xursandman”, dedi Ronaldu.
So‘nggi bir yil ichida WOW FC jadal o‘sishni namoyish qilmoqda: turnirlarga tashrif buyuruvchilar soni 400 foizdan oshgan, har bir shouda 5 mingdan ortiq tomoshabin ishtirok etadi, translyatsiyalar esa 170 dan ortiq davlatda efirga uzatilmoqda. Tashkilot bugungi kunda jangovar sport ligalari orasida eng tez rivojlanayotganlardan biri hisoblanadi.
Liga rahbariyatining fikricha, Ronalduning aksiyadorlar safiga qo‘shilishi WOW FC’ning global kengayishini tezlashtiradi hamda MMA’ni Yevropa, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarda ommaviy madaniy harakat darajasiga ko‘tarishga yordam beradi.
UFC amaldagi chempioni va WOW FC hammuassisi Iliya Topuriya ham bu qarorni katta ahamiyatga ega deb baholadi:
“Ronalduning qo‘shilishi butun sport uchun kuchli voqelik. U eng yuqori darajadagi professionallik va global muvaffaqiyatni ifodalaydi. Birgalikda MMA’ni yangi bosqichga ko‘taramiz va butun dunyodagi insonlarga ilhom bag‘ishlaymiz.”
Ma’lumot uchun, The Way of Warrior FC (WOW FC) Ispaniyada joylashgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik MMA ligasi hisoblanadi.








