Daryo

Isroil G‘azoda 71 ming kishi halok bo‘lganini tasdiqladi

Yahudiy davlati shu vaqtga qadar Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi e’lon qilgan statistikani inkor etib kelayotgandi. Biroq hozir bu ma’lumotlar tahlil qilinib, tinch aholi va jangchilardan berilgan qurbonlar o‘rganilyapti.

1 daqiqa o‘qish4 393 ko‘rishlar0 izoh2

Isroil armiyasi 2023-yil 7-oktyabrdan buyon halok bo‘lgan g‘azoliklar bo‘yicha Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi keltirgan ma’lumotlarni tasdiqladi. Haaretz nashrining yozishicha, gap ikki yil davom etgan qurolli mojaro oqibatida o‘ldirilgan taxminan 71 ming kishi haqida boryapti. Shu bilan birga, ushbu raqam vayronalar ostida qolganlar, ochlik, kasallik yoki harbiy harakatlarning bilvosita oqibatida vafot etganlarni o‘z ichiga olmaydi.

Nashr Isroil rasmiylari so‘nggi ikki yil davomida Falastin sog‘liqni saqlash idoralari tomonidan e’lon qilingan statistikani ishonchsiz deb, baholab kelganini eslatgan. Qayd etilishicha, yahudiy davlati hozir ushbu ma’lumotlar asosida ichki tahlil olib boryapti. Bundan maqsad halok bo‘lganlar orasidan tinch aholi va jangchilarni ajratishdir. Kuzatuvchilarga ko‘ra, qurbonlarning katta qismini ayollar va bolalar tashkil etadi.

Omonat sulh

Tomonlar 2025-yil oktyabr oyida AQSH vositachiligi bilan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi. Mazkur bitim ikki yildan ortiq davom etgan harbiy harakatlarga barham berishi va hududdagi vaziyatni barqarorlashtirishi kutilgandi. Biroq sulh boshlanganidan keyin ham o‘t ochish holatlari kuzatildi. Natijada 500 ga yaqin falastinlik halok bo‘ldi.

Otashkesimdan so‘ng uylariga qaytayotgan g‘azoliklar
Foto: EPA

Kelishuvning dastlabki fazasida doirasida HAMAS isroillik asirlar hamda ularning jasadlarini qaytardi. Isroil esa G‘azoning bir qismidan qo‘shinlarini olib chiqdi. Hozir esa tomonlar ikkinchi bosqich ustida ish olib boryapti. Unga ko‘ra, anklav infratuzilmasi qayta tiklanib, ijtimoiy obyektlar, savdo markazlari, portlar va turar-joy binolari quriladi. HAMAS esa qurollarini topshirishi kerak bo‘ladi.

Bu boradagi sa’y-harakatlarga qaramay, G‘azoda gumanitar vaziyat og‘irligicha qolyapti. Isroil tomoni insonparvarlik yuklarining yetarlicha ko‘lamda kirishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa qish faslida vaqtinchalik boshpanalarda yashayotgan g‘azoliklarning turmush sharoitlarini murakkablashtirgan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar