Germaniyada 17 milliondan ortiq chekuvchi bor. Bu Yevropaning boshqa mamlakatlariga qaraganda ko‘proq va chekish bilan bog‘liq kasalliklar o‘limning asosiy sabablaridan hisoblanib, har yili deyarli 100 ming kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Xalqaro tashkilotning Prohibition Does Not Work yangi hisoboti mualliflarining fikricha, chekuvchilar sonini kamaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Shunga qaramay, ularning fikriga ko‘ra, mavjud qonunchilik va tartibga solish bazasi chekishni tashlashga yordam bermaydi va millionlab odamlarni kamroq zararli muqobillardan mahrum qiladi.
2021-yildan beri Germaniyada “oziq-ovqat mahsulotlari” deb tavsiflangan nikotinli qopchalarga amalda taqiq qo‘yilgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu yondashuv noqonuniy bozorning o‘sishiga olib keldi. Hisobotga ko‘ra, bir milliondan ortiq odam bunday mahsulotlardan foydalanishda davom etmoqda, ammo endi nazorat qilinadigan huquqiy doiradan tashqarida. Natijada davlat soliq tushumlaridan, nazorat organlari esa mahsulot sifati va yoshga oid cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi. Shunga o‘xshash cheklov choralari Fransiyada ham joriy etilmoqda, u yerda 2026-yil mart oyidan boshlab nikotin qopchalarga taqiq kuchga kiradi.
O‘zbekistonda ham 2024-yil may oyidan boshlab nikotinli qopchalar (nikotinli snyus) muomalasiga taqiq joriy etildi. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rilgan choralarga qaramay, noqonuniy savdo hajmi o‘sishda davom etmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida umumiy qiymati qariyb 2 milliard so‘mlik, 26 ming o‘ramdan ortiq nikotin mahsuloti (shu jumladan, snyus va pauch) musodara qilingan.
Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, taqiqlash siyosati iste’mol darajasini pasaytirmaydi, balki noqonuniy aylanma va kontrafaktning o‘sishini rag‘batlantiradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston ichki bozorida nosvoydan foydalanish yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, uning tarkibida zaharli metallarning miqdori yuqori bo‘lib, 2 milliondan ortiq kishida onkologik, buyrak va nevrologik kasalliklar xavfini keltirib chiqargan.
Shvetsiya, Buyuk Britaniya va Chexiya kabi progressiv tartibga solinadigan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ta’siri kamroq nikotin mahsulotlarini nazorat ostiga olish chekish darajasini pasaytirish va sog‘liqqa yetkaziladigan zararni kamaytirishga yordam beradi. Ekspertlarning fikricha, ilmiy asoslangan tartibga solish siyosatini shakllantirish mamlakatlar, binobarin, O‘zbekiston hukumatiga ham noqonuniy bozor ko‘lamini qisqartirish va tamaki chekish oqibatlariga qarshi kurash samaradorligini oshirishga yordam berishi mumkin.








