Prezidentning zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga koʻmaklashish va aholining yuqori sifatli mahsulotlar bilan taʼminlashga qaratilgan qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qaror bilan prezidentning 2022-yil 23-dekabrdagi PQ–452-son qarorining 2-bandiga muvofiq qimmatbaho metallarni birja savdolari hamda toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar orqali sotishda beriladigan chegirmalarning amal qilish muddati 2029-yil 1-fevralga qadar uzaytirildi.
2026-yil 1-fevraldan boshlab chegirmalardan foydalanadigan zargarlar roʻyxatini shakllantirishda qoʻshimcha mezonlar ham tasdiqlandi.
Endilikda yaratilgan yangi ish oʻrinlariga ishga qabul qilingan zargarlar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzilgani va ularga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining toʻrt baravaridan past boʻlmagan miqdorda ish haqi hisoblangani, shuningdek, ushbu holat soliq organlari tomonidan tasdiqlangani roʻyxatni shakllantirishda inobatga olinadi.
Shu bilan birga, zargarlik markazlarida kamida bir oy davomida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyekti boʻlish qoʻshimcha mezon etib belgilandi.
Bunda Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallarni birja savdolari hamda toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar orqali sotishda zargarlik sohasida maʼlum miqdorda ish oʻrni yaratgan zargarlarga London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining ertalabki fiksing narxining 4 foizi miqdorigacha chegirma beriladi.








