Daryo

Surxondaryoda ayollar paxta terimiga majburiy jalb qilingani tasdiqlandi

Oila va xotin qizlar faollariga terimchilarni jalb qilish topshirig‘ini bergan Qumqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari jazolandi.

2 daqiqa o‘qish9 106 ko‘rishlar0 izoh1

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Nigora Jumayeva jarimaga tortilganini e’lon qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qumqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva ayollarni paxta terimiga jalb etgani haqida audio tarqalgandi. Unda hokim o‘rinbosari har bir xotin-qizlar faolidan kamida ikki nafar ayolni o‘zi bilan birga paxta terimiga olib chiqishni talab qilgan.

“Men olib kelmadim, meni ishim chiqib qoldi, degan narsani qilmanglar. Bosh vazir o‘rinbosari Mahkamova kelyapti, hazil o‘ynamanglar. Hamma jiddiy, vijdonan yondashingizlar. Ertalab kelib, aytilgan narsalar bilan birgalikda ishlarni tashkil qilasizlar. Soat 7 da hamma dalada bo‘lishi kerak, kechikib 8 da sudralib yurmanglar”, degan Nigora Jumayeva.

​Holat yuzasidan Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi munosabat bildirib, paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ularning “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini ma’lum qilgandi. Biroq vazirlik majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganini bildirdi.

Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 51-moddasi 1-qismi asosida jarima qo‘llanilgan. Ushbu moddaga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6 mln so‘mdan 41,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Shuningdek, Buxoro shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari N.Aminova ham xuddi shunday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani uchun jarimaga tortilgan.

Qayd etilishicha, mavsum davomida hozirga qadar umumiy hisobda:

  • 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlandi. Mehnat qonunchiligini buzgan mansabdor shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy jarima qo‘llanildi;
  • 8 nafar mansabdor shaxs kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan jazolandi;
  • 1400 nafardan ortiq terimchilar bilan mavsumiy mehnat shartnomalari tuzilishida yordam ko‘rsatildi.

49-modda 1-qismiga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Sentyabr oyida Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimi oʻrinbosari Dilfuza Toshmatova mahalla faollariga paxta terimiga 5-10 nafardan fuqarolarni majburiy jalb qilish haqida topshiriq bergandi. U bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (20,6 mln soʻm) miqdorida jarimaga tortilgandi.

Surxondaryo viloyati joriy yilda paxta topshirish shartnomaviy rejasini birinchi bo‘lib ortig‘i bilan bajargandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar