O‘zbekistonliklar sug‘urtaga qancha mablag‘ sarflayotgani ma’lum qilindi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar-avgust oylarida 7,7 trln so‘mlik sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 trln so‘mga oshgan.
Sug‘urta xizmatlari hajmida eng katta ulushni baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash, avtotransport vositalari va boshqa transport turlarini sug‘urtalash, yuk va mulkni sug‘urtalash va boshqalar egalladi. Mazkur xizmatlarning ulushi 81 foizni tashkil etdi.
2025-yilning yanvar-avgust oylarida qayta sug‘urtalash xizmatlari 13,9 foizni, hayotni sug‘urtalash bo‘yicha xizmatlar ulushi esa 5,1 foizni tashkil etdi.
Sug‘urta summasi sezilarli darajada oshirildi
O‘zbekistonda amaldagi 40 million so‘mlik sug‘urta summasi 2026-yil 1-yanvardan boshlab 80 million so‘mgacha oshirildi. Endi YTH natijasida yetkazilgan zararlar — shaxs hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga keltirilgan zarar to‘liqroq qoplanishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, sug‘urta mukofoti (ya’ni sug‘urta polisini rasmiylashtirishda fuqaro to‘laydigan summa) 160 ming so‘m (viloyatlarda) va 192 ming so‘m (Toshkent shahrida) etib belgilandi. Bu transport vositasini bir marta yuvish xizmati narxi bilan taqqoslanganda, juda ham muvofiq hisoblanadi.








