Daryo

Marselo Byelsa: “O‘zbekiston terma jamoasi — jismonan kuchli va taniqli murabbiy boshchiligidagi jamoa”

Urugvay terma jamoasi ustozi O‘zbekistonga qarshi bahs oldidan matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

1 daqiqa o‘qish1 868 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston terma jamoasi oktyabr oyidagi FIFA kunlari doirasida Urugvayga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Uchrashuv arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Marselo Byelsa O‘zbekiston haqida fikr bildirdi.

“Xalqaro uchrashuvlarning har biri biz uchun muhim. Ayniqsa, raqib safida katta obro‘ga ega murabbiy bo‘lsa, bu mas’uliyat yanada ortadi. O‘zbekiston terma jamoasining yangi ustozi Fabio Kannavaro — yuqori darajadagi mutaxassis. Shunday murabbiy boshchiligidagi jamoaga qarshi o‘ynash, albatta, oson bo‘lmaydi”, dedi Byelsa.

Shuningdek, u O‘zbekistonni jismonan kuchli jamoa sifatida e’tirof etdi:

“Bugungi futbol sharoitida oson o‘yinlar qolmagan. FIFA reytingidagi o‘rinlar natijani kafolatlamaydi. O‘zbekiston kabi jismonan kuchli jamoaga qarshi bahs har doim jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi.”

Urugvay terma jamoasi a’zosi Marselo Sarakki ham o‘yinga doir o‘z fikrini bildirib o‘tdi:

“O‘zbekiston bilan bo‘ladigan o‘yin biz uchun navbatdagi sinov bo‘ladi. Ular Jahon chempionatiga yo‘llanma olgan. Bu raqib Dominikan Respublikasiga nisbatan ancha jismoniy va dinamik o‘yin ko‘rsatadi.”

Eslatib o‘tamiz, Urugvay terma jamoasi oktyabr oyidagi yig‘in doirasida dastlab Dominikan Respublikasga qarshi maydonga tushib, 1:0 hisobida zafar quchdi. O‘zbekiston esa Toshkentda Kuvaytni qabul qilib, 2:0 hisobida ustun keldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston hamda Urugvay o‘rtasidagi bahs 13-oktyabr, dushanba kuni Malayziyaning Melaka shahrida joylashgan “Hang Jebat” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 17:45 da boshlanadi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar